O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev 31 may kuni Gruziya, Amerika Qo‘shma Shtatlari va Koreya Respublikasining mamlakatimizdagi favqulodda va muxtor elchilari etib tayinlangan Zurab Abdushelishvili, Deniyel Rozenblyum va Kan Chje Kvondan ishonch yorliqlarini qabul qildi.

Prezident matbuot xizmati xabariga ko‘ra, davlat rahbari elchilarni mamlakatdagi diplomatik missiyasini boshlagani bilan samimiy tabriklab, ularga ushbu sharafli va mas'uliyatli vazifada muvaffaqiyatlar tiladi.

Keyingi yillarda mamlakat xorijiy sheriklar bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan faol tashqi siyosat olib borayotgani alohida ta'kidlandi.
Markaziy Osiyo va MDH davlatlari, Amerika, Yevrosiyo va Afrikaning yetakchi mamlakatlari bilan munosabatlar mustahkamlanib, amaliy hamkorlik tobora faollashayotgani bundan dalolat beradi.
Bundan tashqari, "yo‘l xaritalari" asosida nufuzli xalqaro tashkilotlar va mintaqaviy tuzilmalar bilan uzoq muddatli sheriklik aloqalari kengaymoqda.
Prezident o‘z nutqida yangi elchilar vakillik qilayotgan davlatlar bilan ko‘p qirrali hamkorlikning istiqbollariga to‘xtalib o‘tdi.
O‘zbekiston bilan Gruziya o‘rtasidagi, avvalo siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalardagi munosabatlar rivojlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Keyingi yillarda parlamentlararo aloqalar ham faollashdi.
Gruziya bilan tovar ayirboshlashni ko‘paytirish, sanoat, transport, logistika va turizm sohalarida kooperatsiyani kuchaytirishga qaratilgan aniq loyihalarni ilgari surish muhimligi ta'kidlandi.

Davlat rahbari O‘zbekiston Respublikasi va Amerika Qo‘shma Shtatlarining do‘stlik va har tomonlama hamkorlik ruhidagi ikki tomonlama munosabatlarida yuksak darajaga erishilganini yuqori baholadi.
O‘tgan yil may oyida AQShga amalga oshirilgan oliy darajadagi tarixiy tashrif mamlakatlarimiz strategik sherikligida yangi bosqichni boshlab berdi.

















