O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi meva-sabzavot mahsulotlari eksportyorlariga murojaat bilan chiqdi.
Qayd etilishicha, eksportdan tushgan valuta tushumlarini davlatga majburiy sotish talabining bekor qilinganligi tadbirkorlarga o‘z daromadlarini mustaqil tasarruf etishiga katta yo‘l ochdi.
Deyarli barcha tovarlarni, shu jumladan meva-sabzavotlarni oldindan to‘lov, akkreditiv, bank kafolati yoki sug‘urta polisisiz, shuningdek eksport kontraktini tuzmasdan, invoyslar asosida eksport qilishga ruxsat berilganligi esa mahalliy mahsulotlarni yanada qisqa muddatlarda tashqi bozorlarga yetib borishiga keng imkoniyatlar eshigini ochdi.
Ilgari amalda bo‘lgan va hozirda butunlay bekor qilingan meva-sabzavotlarni bojxona ko‘rigidan o‘tkazish, ushbu mahsulotlarni “O‘zagroeksport” aksiyadorlik jamiyati tomonidan e'lon qilinayotgan narxlardan past bo‘lmagan narxlarda eksport qilish, eksport kontraktlarini davlat idoralarida hisobga qo‘yish borasidagi talablar tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilarining ham vaqtini, ham mablag‘ini sarflanishiga sabab bo‘layotgan edi.
2019 yilning 1 martidan boshlab, bojxona rasmiylashtiruvi jarayoniga to‘laqonli ravishda joriy etilgan “Xavfni boshqarish avtomatlashtirilgan tizimi” ko‘magida joriy yilning o‘tgan davrida eksport rejimiga rasmiylashtirilgan 82 foiz tovarlar soddalashtirilgan tartibda rasmiylashtirildi.
Eksportyorlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashda soliq va bojxona to‘lovlaridan berilayotgan imtiyoz va preferensiyalar ham muhim ahamiyat kasb etadi. Shu jihatdan kelib chiqib, eksport yo‘nalishidagi imtiyozlar va preferensiyalar ilgari faqatgina o‘zi ishlab chiqargan mahsulotlarni eksport qiluvchilarga qo‘llanilgan bo‘lsa, hozirda bu yengillik va qulayliklar barcha eksportyorlarga tatbiq etilganligi ham muhim yangilikdir, deyiladi murojaatda.
Tovarlar eksportida yaratilgan keng imkoniyatlarga qo‘shimcha ravishda, bojxona organlari tomonidan eksport tovarlarining bojxona rasmiylashtiruvi 24 soat davomida - tunu kun amalga oshirilmoqda.
Bildirilishicha, ayrim “tadbirkor”lar berilayotgan imkoniyatlardan g‘araz maqsadda foydalanib, noqonuniy daromad orttirishga urinishmoqda. Ularning qing‘ir qilmishlari esa bojxona organlari tomonidan o‘z vaqtida fosh etilmoqda.
2019 yil 28 may kuni Toshkent viloyati bojxona boshqarmasining “Navoiy” chegara bojxona posti orqali qo‘shni davlatga chiqib ketayotgan yuk avtotransportiga qiymati 3 ming AQSh dollariga teng 18,5 tonna “lavlagi” ortilganligi ma'lum qilingan. Farg‘ona viloyati Quva shahridagi “Z.Inomova” dehqon xo‘jaligiga tegishli ushbu mahsulotlar mazkur postdagi inspeksion ko‘rik majmuasi orqali skanerdan o‘tkazilganida, avtotransport vositasiga hujjatlarda ko‘rsatilmagan butunlay boshqa mahsulot – 13 ming AQSh dollari qiymatidagi 18.5 tonna “o‘rik” ortilganligi aniqlandi.

















