Bugungi kunda Grizmann - jahonning eng yaxshi hujumchilaridan biridir. U ko‘p gol uradi, to‘psiz holatda ham jamoa uchun o‘ynaydi, deyarli jarohat olmaydi, jahon chempioni - uning chiroyli tabassumi nufuzli jurnallarni bezaydi. Nihoyati u hali 28 yoshda va hali yuqori formada o‘ynashda davom etadi.
Bu hujumchini ko‘p vaqtdan buyon «Barselona» jiddiy kuzatmoqda. Bir necha yildan buyon ispan nashrlari transfer amalga oshishi haqida yozib kelishadi. 2017 yil yozidayoq fransiyalik futbolchi «Atletiko»dan «Barsa»ga o‘tayotgani haqida shov-shuvli xabarlar berilgandi. Bu xabarlar «Grizmann ishi»ga aylanib ketgan, Madrid klubi kataloniyaliklarni klubni aylanib o‘tib, futbolchining o‘zi bilan muzokara o‘tkazishda ayblagan va «Barselona»ga sanksiyalar qo‘llashni talab etgandi.
2018 yil yozida esa Jyerar Pikega tegishli Kosmos Studios firmasi Grizmann uchun hujjatli film ishladi. «Qaror» nomli kartinaning birinchi qismida Antuan «Barselona»ning taklifini ko‘rib chiqayotgani haqida aytiladi.
Ammo film yakunida hujumchi kataloniyaliklar taklifini rad qilishi bilan yakunlanadi. O‘shanda futbolchi transferlar taqiqiga uchragan Madrid klubiga yordam berishga qaror qilgandi. «Barselona» esa uning qaroridan qattiq xafa bo‘ldi. Ispan nashrlari ma'lumotiga ko‘ra, «Atletiko» uni tarkibda saqlab qolish uchun yiliga 20 million yevrolik shartnoma taklif qilgandi - bu «Atletiko»dagi eng katta maosh edi. «Barselona»ning taklifi esa 17 million yevrolik bo‘lgandi.
O‘shanda Grizmann shunday holatda qolgandiki, undan «Atletiko»dagilar ham, «Barselona»dagilar ham norozi bo‘lib qolishgandi. Kataloniyaliklar uning filmdagi beqarorligi va rad javobi uchun ayblashdi, «Atletiko» muxlislari esa futbolchini maoshini ko‘tarib olish uchun rol o‘ynashda va mavsumning birinchi qismini barbod qilishda ayblashdi. O‘shanda Grizmann mavsum startidagi 14 turda atigi 3 gol urdi - u barcha o‘yinlarda boshlang‘ich tarkibda harakat qilgandi (shu bilan birga u barcha turnirlar doirasidagi barcha 21 o‘yinda 15 gol urgandi).
2019 yilning 14 mayida «Atletiko» rasmiy saytida muhim yangilik paydo bo‘ldi. Unda Grizmann klub rahbariyatini «Atletiko»dagi 5 yillik faoliyatdan keyin klubni tark etishi va yangi mavsumda boshqa klubda to‘p surishi haqida xabardor qilgani aytilgandi. Ko‘rinishidan Grizmanning kelajagi masalasi aniqdek edi. Ammo barchasi bir tekisda rivojlanmadi. Mavsum yakunlandi, ammo «Barselona» uning transferi haqida ma'lumot bermadi. Lekin turli mish-mishlar tarqalmoqda. Masalan, Xavidan. U o‘z izohida fransiyalik futbolchi transferi borasidagi «muammo» haqida gapirdi.
«U o‘tgan yilda qilgan ish odamni xafa qiladi. «Barsa» futbolchilari uni o‘tgan yilgi ishi tufayli ko‘rishni istamayapti, men esa buning o‘rniga u bilan gaplashib, undan jamoa uchun nima bera olishini so‘ragan bo‘lardim. Uning transferini kim istamoqda? Prezidentmi? Murabbiymi? Agar men «Barselona»ni shug‘ullantirganimda men transfer bo‘yicha oxirgi so‘zni o‘zimda qoldirgan bo‘lardim. Agar Valverde ham uni klubda ko‘rishni istamayotgan bo‘lsa boshqa gap»














