2019-2020 o‘quv yiliga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida ota-onalar farzandlarini maktabga joylashtirish uchun harakatlarni boshlab yuborishgan. Aksariyat ota-onalar 6-6,5 yoshdagi farzandlarini 1-sinfga bermoqda, deya xabar qiladi Xalq ta'limi vazirligi.

Maktabga bolani 6 yoshdan berish kerakmi yoki 7 yoshdan bergan yaxshimi?

Psixolog va pedagoglarning fikrlariga ko‘ra, 6 yoshli bolaning maktabda ta'lim olishi bir oz erta.

Chilonzor tumani 217-maktab psixologi Sanjar Ablakulov so‘zlariga ko‘ra, tibbiy jihatdan sog‘lom bolada maktabga ijtimoiy psixologik tayyorlik darajasi, diqqati, ko‘rish qobiliyati, mantiqiy tafakkuri, kichik qo‘l motorikasi, xotirasi, matematik va fazoviy tasavvurlari, og‘zaki nutqi, ilk o‘quv motivlari shakllangan bo‘lishi kerak. Shuningdek, shakl, element, yozuvlarni xuddi o‘ziday qilib ko‘chirishni bilishi, o‘qib berilgan 10-12 ta so‘zni esda saqlab takrorlashi, rasm asosida mantiqiy hikoya tuza olishi, predmetlarni ko‘p yo ozligi, sonlarning katta-kichikligini, predmetlarni guruhlashtirish, umumlashtirish, taqqoslashni hamda qismlardan butun yasashni bilishi kerak.

“Agar bola berilgan rasm asosida mantiqli hikoya tuza olmasa, o‘qib berilgan so‘zlarni esida saqlab qolmasa va boshqa shu kabilarga tayyor bo‘lmasa, bu bolaning maktabga chiqqan paytida o‘qish va yozishni yaxshi o‘zlashtira olmasligiga, aqliy ishchanligining pasayishiga, o‘qituvchi tomonidan berilgan topshiriqlarni bajarishda qiynalishiga olib keladi. Buning natijasida bolada stress, tajovuzkorlik, injiqlik, uyqusizlik, ishtahaning yo‘qolishi, jismoniy rivojlanishdagi kamchiliklar, bo‘y o‘sishining orqada qolishi, kamqonlik kabi holatlar kuzatilib, bola sog‘lig‘ining yomonlashishiga, hattoki maktabga moslasholmasligiga olib keladi”, - dedi u.

Qashqadaryo viloyatidan B.Haydarovaning ta'kidlashicha, maktabning o‘ziga yarasha tartib qoidalari, ta'lim talablari mavjud bo‘lib, maktabga qabul qilingan 6, 7 yoshli bolalar bu talablarga bir xil amal qiladi. O‘quv faoliyatini yaxshi natijalar bilan o‘zlashtirishi, aqliy ishchanlik, tengdoshlari bilan muloqotga kirishishi, maktab tartib-qoidalariga amal qilish kabi holatlarga bola ruhiyati tayyor bo‘lishi kerak.

1-sinfga borish bola hayotining eng muhim davrlaridan biridir. Ilk o‘quv kunlarida o‘quvchilarning ko‘pchiligida stress holatlari yuzaga kelib, bu davrda ruhiy kechinmalar ustunlik qiladi. Bu ruhiy kechinmalarni yengish boladan kuchli iroda (o‘ziga bo‘lgan ishonch, qat'iyatlilik, yuksak maqsad v.h.)ni talab qiladi. Yuqoridagi jarayonlar bolada yetarli darajada rivojlanmagan bo‘lsa, bu bola ruhiyati va sog‘lig‘iga ta'sir qilib, salbiy oqibatlarning kelib chiqishiga sabab bo‘ladi, - deya qo‘shimcha qildi u.