Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “Buxoro viloyati Peshku tumanida qurilish materiallari klasterlarini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi joylashtirildi.

Hujjat bilan O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Davlat geologiya va mineral resurslari qo‘mitasi, “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi va Buxoro viloyati hokimligining Buxoro viloyati Peshku tumanining Jongeldi massivida qurilish materiallari ishlab chiqarish klasterlari - sanoat zonasini tashkil etish to‘g‘risidagi takliflari ma'qullanishi mumkin.

Noruda foydali qazilmalar xom-ashyolarini klasterlar usulida chuqur qayta ishlashni yo‘lga qo‘ygan holda quyidagilarga asosiy e'tibor qaratiladi:

sement xomashyosini, ohaktosh, gips va boshqa xom-ashyolarni qazib olish, ularni qayta ishlash, yuqori markali sement ishlab chiqarish va sementni qayta ishlash orqali quruq qurilish qorishmalari, zamonaviy temir-beton mahsulotlari hamda yangi turdagi qurilish materiallari, shu jumladan gazobeton kabi mahsulotlar ishlab chiqarish;

marmar va granit konlarini o‘zlashtirish, zamonaviy pardozbop qoplama toshlar ishlab chiqarish, shu jumladan plitka, mozaikalar, marmar va granitdan plitalar ishlab chiqarish;

grafit konini to‘liq o‘rganish, uni sanoat usulida qazib olish va chuqur qayta ishlash, grafit elektrod, tez zaryadlanuvchi akkumulyatorlar uchun grafit tayoqchalar (sterjin) va zamonaviy elektro-texnika sanoati uchun ehtiyot qismlar ishlab chiqarishni tashkil etish;

mineral bo‘yoqlar xom-ashyosi – oxrani qazib olishni tashkil etish, undan tayyor mahsulotlar, bo‘yoqlar, mineral to‘ldirgichlar va boshqa mahsulotlar ishlab chiqarish;

qum-shag‘al aralashmasi konlarni o‘zlashtirish, saralash va maydalash quvvatlarini barpo etish hamda inert materiallar (qum, shag‘al)dan tayyor temir-beton mahsulotlari, asfalt va yo‘l qurilishi materiallari ishlab chiqarishni tashkil etish.

Peshku qurilish materiallari klasterlarini tashkil etish bo‘yicha amalga oshirilishi rejalashtirilgan chora-tadbirlar yuzasidan “Yo‘l xarita”si hamda Peshku tumani hududida qurilish klasterlarini tashkil etishga doir tadbirlarni muvofiqlashtirish va amalga oshirishga ko‘maklashish bo‘yicha komissiya tasdiqlanadi.

Quyidagilar Komissiyaning (E.G‘aniyev) asosiy vazifalari etib belgilanadi: