Kun.uz tahririyatiga Toshkent viloyati Quyi Chirchiq tumanidan bir murojaaat kelib tushdi. Murojaatni o‘rganish maqsadida ijodiy guruhimiz bilan mazkur tumanga otlandik.
Tumanning «O‘zbekiston besh yilligi» nomli qishlog‘iga yetib bordik. Murojaat bog‘cha va suv muammosi haqida edi. Vaziyat bo‘yicha atroflicha tasavvurga ega bo‘lish uchun Ra'noxon ona Usmanovaga mikrofon tutdik.
Video: Youtube
Video: Mover (tas-ix)
«Bolalarimiz shu bog‘chada katta bo‘lishgan. 2006-2007 yillarda bir ayol fermer bo‘lib, mana shu bog‘chani sotib olibdi. Bog‘chani sotishga kimning haqqi bor bilmayman. Shundan buyon bog‘chani egallab olgan. Hozir hammaning bolasi tashqarida. Xudo ko‘rsatmasin, bu yerda katta ariqlar ham bor, ko‘chadan mashina ham o‘tadi, traktor ham o‘tadi. Bolalarning ota-onalari esa klasterda ishlashadi. Ko‘chada qarovsiz qolgan bolalar nima qiladi? Menga o‘xshagan buvisi borlar bir amallar, lekin buvisi yo‘qlar nima qiladi? Yosh oilalar bor. Ular er-xotin ertadan kechgacha dalada ishlaydi. Bolasi qarovsiz qoladi. Markazda bog‘cha bor, lekin 3-5 km uzoqda. Ham bog‘cha puli, ham yo‘lkiraga kuchi yetadigan bor, kuchi yetmaydigan ham bor», deydi onaxon.

Qishloq faollaridan biri Maqsuda Muhammadiyeva bu masala bo‘yicha ko‘p marta murojaat qilishganini, ammo natija bo‘lmaganini ta'kidladi.

«Bog‘cha bo‘yicha hokimiyatga, prezident portaliga murojaat qildik. Lekin natija yo‘q. Faqat bir xil mazmundagi javob: «Ko‘rib chiqiladi». Bu joy 2-bo‘lim deyiladi. Nariroqda 6-bo‘lim bor. U yerda ham 2 qavatli bog‘cha mavjud. Lekin bog‘chani 15 oilaga uy qilib berishgan. To‘g‘ri, vaqtinchalik deb berishgan. Lekin u joyda yashayotgan oilalar iloji yo‘qligidan, qo‘li kaltaligidan bog‘chada yashashyapti. Farzandlarimiz yoshiga to‘lmagunicha maktabga olinmaydi. Biz qayerga beramiz bolalarimizni?», deydi u.




















