O‘zbekiston | 14:47 / 07.06.2019
9389
3 daqiqa o‘qiladi

Uyga tutash yer maydonlarini kim qabul qilib oladi?

Foto: KUN.UZ

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Sanoat, qurilish va savdo masalalari qo‘mitasida «Ko‘p kvartirali uylarni boshqarish to‘g‘risida»gi qonun loyihasining muhokamasi bo‘lib o‘tdi.

Norma’ning yozishicha, mazkur qonun loyihasi joriy yilning 2 may kuni quyi palata tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilinib, parlamentning rasmiy veb-saytiga jamoatchilik muhokamasi uchun joylashtirilgan edi.

Qonun loyihasi 2006 yilda qabul qilingan amaldagi «Xususiy uy-joy mulkdorlarining shirkatlari to‘g‘risida»gi Qonunning o‘rniga qabul qilinadi. Bu amaldagi qonunda chalkashlik mavjudligi bilan izohlanadi. Masalan, qonunda uy-joy mulkdorlari shirkati notijorat tashkilot bo‘lib, uylardagi xususiy turar joylar mulkdorlarining tashabbusi bilan tashkil etilishi qayd etilgan. Biroq qonunning 19-moddasida esa, shirkat a'zolari umumiy yig‘ilishining vakolatlaridan biri sifatida shirkatning tadbirkorlik faoliyatidan olingan daromaddan (foydadan) foydalanish yo‘nalishlarini belgilash qayd etilgan. Bu shirkat faoliyatidagi asosiy tamoyilga zid, amaliyotda korrupsiyaviy holatlarni yuzaga keltiradi.
 
Qonun loyihasining nomiga e'tiroz bildirildi. «Ko‘p kvartira» nima degani o‘zi? «Ko‘p» deb nechta uy yoki qancha xonadon nazarda tutilmoqda. Mavhum tushuncha.
 
Qonun loyihasida masalaning bir jihati e'tibordan chetda qolib ketmoqda, deb hisoblaydilar deputatlar. Qurib bitkazilgan, lekin hali to‘liq to‘lmagan uyning pod'yezdlari, dahlizlar, uyga tutash yer maydonlarini qabul qilib oluvchi sub'yekt mavjud emas. Bugungi kunda urfga aylangan «siti»larda turli osmono‘par binolar qurilmoqda, ammo ushbu obektlarni qabul qilish va topshirish mexanizmlari qonun loyihasida ochib berilmagan.
 
Bundan tashqari, ushbu yangi uylar 15–20 yilga ipoteka kreditiga berilmoqda. Shu davr mobaynida pod'yezd yoki tomga zarar yetsa, ta'mirlashga ehtiyoj sezilsa, uy egasi ipoteka kreditini to‘laydimi yoki umumiy uyni saqlash uchun ham mablag‘ sarflaydimi? Bu jarayonda mexanizm aniq bo‘lishi kerak. Ko‘p kvartirali uylarni boshqarishda ochiqlik va shaffoflik tamoyilini qo‘llash maqsadida tizimga elektron dasturni joriy etish bo‘yicha tegishli bandni kiritish maqsadga muvofiq bo‘ladi.
 
Avariya holatida bo‘lgan ko‘p qavatli uylar masalasi muhokama etildi. Shu munosabat bilan nurab, yashash uchun yaroqsiz holga kelib qolgan, qurilish va sanitar talablarga mutlaqo javob bermaydigan ko‘p kvartirali uylarning boshqaruvi, aholining ekologik madaniyati masalasida Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligining Uy-joy inspeksiyasi vakolatlari va majburiyatlarini kuchaytirish talab etiladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid