Ektor Kuper O‘zbekiston milliy jamoasi bosh murabbiyiga aylanganiga 10 oy bo‘ldi. Bu vaqt davomida murabbiy o‘zbek futbolini ancha o‘rgandi va qaysidir ma'noda o‘zimizning odamga aylandi. Osiyo Kubogida tarixiy natijamizni takrorlay olmagan murabbiy endilikda JCh-2022 saralashiga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Aslida uning asosiy missiyasi aynan Mundialga yo‘llanma olish hisoblanadi.

Tribuna.uz Ektor Kuper bilan suhbat uyushtirdi. Suhbat davomida o‘zbek futbol muxlislariga Kuperning qanday inson ekani, uning futbol borasidagi fikrlarini ochib berishga harakat qildik. Bosh jamoamiz murabbiyi imkon boricha savollarga javob berdi.

Video: Youtube

Video: Mover (tas-ix)

Suhbatni Kuperning futbol haqidagi qarashlari to‘g‘risidagi savol bilan boshladik. Murabbiy futbol hayotining mazmuni ekanini, usiz hayotini tasavvur qila olmasligini aytdi. Kuperning aytishicha, murabbiylikdagi eng yoqimli jarayon bu futbolchilar bilan mashg‘ulot:

«Futbol bu hayotimning ajralmas qismi. Men usiz hayotimni tasavvur qila olmayman. Futbolni hech qachon tashlay olmasam kerak. Agar salomatligimda biror muammo bo‘lib qolmasa, futboldan ketmayman. Murabbiylik faoliyatimni yakunlasam ham, sharhlovchi yoki ekspert bo‘lib qolaman. Murabbiylikning nimasi yoqimli? Mashg‘ulot. Ha, men uchun eng yoqimli jarayon bu mashg‘ulot. Hamma murabbiylar har xil ish olib borishadi. Ba'zilarning mashg‘ulotini yordamchilari o‘tkazadi va uning o‘zi tepada qarab o‘tiradi. Lekin menga mashg‘ulotlarda qatnashish yoqadi. Futbolchilar bilan muloqot, ular bilan shug‘ullanish juda yoqimli jarayon».

Kuperga «Valensiya»dagi faoliyati haqida savol berganimizda uning ko‘zlariga yosh keldi. Axir o‘sha vaqtda u faoliyatining eng ajoyib damlarini eslagandi-da... «Valensiya» haqida savol berish jarayonida Gaiska Mendeta, Pablo Ayman, Ruben Baraxa, Santyago Kanisares kabi shogirdlarining nomini eshitgan murabbiy gap nima haqida ketayotganini bilib, tarjimon savolni tarjima qilishini entikish bilan kutdi va o‘sha ajoyib jamoasi haqida to‘lqinlanib gapirdi:

«Bu faoliyatimdagi eng muvaffaqiyatli damlar edi... O‘z navbatida o‘shanda «Valensiya» uchun ham ajoyib damlar bo‘lgan. To‘g‘ri, men «Malorka» bilan ham Yevropa miqyosidagi musobaqa finaliga yetib borganman, lekin aynan «Valensiya»dagi faoliyatimdan so‘ng meni ko‘pchilik tanidi. Chempionlar Ligasi fantastik musobaqa. Unda qatnashib yurgan vaqtda bu sezilmagan bo‘lishi mumkin, lekin vaqt o‘tgan sayin odam o‘sha damlarni eslab rohatlanadi».