O‘tgan yili, QQS tizimi tovar aylanmasi bir milliarddan ortiq bo‘lgan korxonalarga qo‘llanishi boshlanmasdan oldin, bu haqida maqola yozgandim va bir xil ish bilan shug‘ullanadigan tadbirkorlik sub'yektlarining turli tizim va stavkalarda soliqqa tortilishi raqobatga ta'sir qilishi va yashirin iqtisodiyotga olib kelishi mumkinligi haqida ham aytib o‘tgandim. Jumladan:

«Aslida soliq stavkalari yoki tizimlarining o‘zgarishi haqiqiy biznes raqobatida, erkin iqtisodiyotda tadbirkorlar uchun katta ta'sir o‘tkazmasligi kerak. Chunki bu o‘zgarishlar iqtisodiyotning barcha sub'yektlariga ta'sir qiladi, jumladan raqobatchi korxonalarga ham. Natijada, hammaning xarajati bir deyarli bir xil sur'atda o‘zgaradi va bu o‘zgarish narxlar belgilanishida bir xil aks etadi. Bu yerda yutadigan yoki yutqazadigan tomon faqat xaridor bo‘ladi, xolos.

Ammo bizning holatimizda bu o‘zgarishlar yanada og‘riqliroq yuz berishi haqiqatga yaqin bo‘lib turibdi. Sababi, QQS tizimiga o‘tganimiz bilan, baribir, «aylanma mablag‘lardan soliq», ya'ni «Yagona soliq»dan butkul voz kechganimiz yo‘q. Bir paytning o‘zida, bir-biridan keskin farq qiladigan ikki xil tizimning bo‘lishi vaziyatni yanada murakkablashtiradi, chalkashtiradi.

Bir korxonaning avvalgi va bugungi kundagi soliq yukini solishtirishdan ko‘ra, ayni bir paytdagi ikki korxonaning (ular raqobatchi bo‘lsa) ikki xil prinsipda ishlashi narxlar hosil bo‘lishiga, raqobatga jiddiy ta'sir ko‘rsatadi va balki juda ko‘p korxonalarni moliyaviy qiyin ahvolga tushirishi, ularning raqobatga dosh bera olmay qolishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Tasavvur qiling, ayni ish bilan shug‘ullanadigan ikki korxonaning biri QQS, boshqasi «Yagona soliq» to‘lasa? Va o‘sha soha uchun hisob-kitoblar «Yagona soliq» bo‘yicha ishlash soliq yukini sezilarli darajada kamaytirishini ko‘rsatsa? Biri bir yilda 900 million, ikkinchisi esa, 1,1 milliard so‘mlik aylanmaga ega bo‘lsa, deyarli bir xil ish yuritadigan korxonalarda farqli soliq yuklari bo‘lishi raqobatni o‘ldirmaydimi? Yoki ba'zi korxonalar belgilangan limitni saqlash uchun ba'zi aylanma mablag‘larni yashirish yoki keyingi yilga qoldirishga urinmaydimi? Yoki QQSdan qochish maqsadida ayni ta'sischi tomonidan alohida va bir nechta kichik korxonalarga bo‘linish holatlari ro‘y bermaydimi?»,deyilgandi.

O‘tgan olti oyga yaqin vaqt mobaynida barchasi amaliyotda sinalgani va mana shunday holatlar kuzatilgani shubhasiz. Bu yerda faqat «Yagona Soliq» va QQS to‘lovchisi solishtirilgan, ammo aslida «Soddalashtirilgan QQS» tizimida ham xuddi shunday farqlar yuzaga chiqadi.