Surxondaryo viloyati Denov tumanidan Jangil Eshqulova tahririyatimizga murojaat yo‘lladi.
Murojaatga ko‘ra, uning 1991 yilda tug‘ilgan farzandi Farhod Toshboyev armiyada yigitlik burchini o‘tagach, imtiyoz bilan kelib Termiz davlat universitetini kimyo-texnologiya yo‘nalishi bilan davlat granti asosida o‘qib tugatgan.
«Farzandlarim otadan erta yetim qolishdi. Besh farzandimdan faqat mana shu kenjatoyimni o‘qita oldim», dedi Jangil aya Kun.uz muxbiri bilan suhbatda.
Jangil Eshqulovaning o‘zi hikoya qilib berishicha va bizga taqdim etgan hujjatlaridan ayon bo‘lmoqdaki, o‘g‘li F.Toshboyev 2017 yil Denov tumanidagi 75-o‘rta maktabga chaqiriqqacha yoshlarni tayyorlash fanidan o‘qituvchi vazifasiga ishga qabul qilinadi.

Ma'lumki, kasb-hunar kollejlarida davomat o‘ta pasayib ketgani, o‘quv jarayonlari izdan chiqib ketgani, bu hol o‘quvchilar o‘rtasida huquqbuzarlik va jinoyatlar ko‘payishiga asos bo‘layotgani sababli Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barcha maktablarda 10-11-sinflar qaytadan ochilgan edi.
75-maktabda ChYoT fanidan dars berayotgan F.Toshboyev ayrim o‘quvchilar Rossiya Federatsiyasiga mehnat migratsiyasiga ketgani, ayrimlari darsga muttasil kelmagani uchun jurnalda bu holni qayd etib, ularga baho qo‘ymaydi.
Onaning iddaosiga ko‘ra, maktab direktori Marhabo Turdiyeva F.Toshboyevdan darsga kelmayotgan o‘quvchilarning baholarini qo‘yib berishni talab qiladi. Yosh o‘qituvchi bunga ko‘nmaydi. Shundan so‘ng rahbar hamda o‘qituvchi o‘rtasida shaxsiy xusumat paydo bo‘ladi.
F.Toshboyev kerakli instansiyalarga mavjud vaziyat yuzasidan murojaat qiladi. Maktabdagi bu holat yuzasidan prokuratura taqdimnomasiga asosan xizmat tekshiruvi o‘tkaziladi va F.Toshboyevning barcha vajlari o‘z isbotini topadi. Jumladan, 10-«D» sinf o‘quvchilari F.Jalilov va N.Hasanova darslarga muntazam qatnashmagani, 11-«B» sinf o‘quvchisi M.Qo‘chqorov va 11-«A» sinf o‘quvchisi I.Qobilova ishlash uchun Rossiya Federatsiyasiga ketgani, 10-«B» sinf o‘quvchilari F.Boymatov va B.Ibragimov darslarda muntazam ravishda qatnashmagani aniqlangan.
Maktab direktori M.Turdiyevaga Surxondaryo viloyat XTB boshlig‘ining buyrug‘i bilan «hayfsan» intizomiy chorasi ko‘riladi.

Shundan so‘ng M.Turdiyeva «nomutaxassissan» degan vaj bilan F.Toshboyev bilan tuzilgan mehnat shartnomasini buzib, uni ishdan haydash tadorigiga tushgan.

















