«Qishloq «Obod mahalla» dasturiga tushgan, ishlab turgan bog‘cha qayta ta'mirlash bahonasida yopilgandi. Ammo ishlar boshlangan ko‘yi o‘lda-jo‘lda qolib ketgan. 3-4 oyda bitkazilishi va'da qilingan bog‘cha bir yarim yildirki qayta ochilmayapti. Ota-onalar bolasini qayoqqa berishni bilmay sargardon».
Parkent tumani, Gulbog‘ qo‘rg‘oni, Qayilma mahallasidagi 14-maktabgacha ta'lim muassasasiga tegishli bo‘lgan mazkur ahvol haqida «Toshkent haqiqati» gazetasi yozmoqda.
Maqolada ko‘rsatilishicha, mazkur bog‘chaning faqatgina tashqi, faqat tashqi fasadi ta'mirlangan, ichki qismi esa xarob ahvolda. Pol qismi chirib, hasharotlarga to‘lib ketgan. Oshxona, dushxona va hojatxonada ahvol yomon. Devorlar nurab, kafellar sinib yotibdi. Hamma jihozlar eskirgan.
Maktabgacha ta'lim muassasasi rahbari Mufassar Saidalixo‘jayevaning so‘zlariga ko‘ra, qishloq hududi «Obod mahalla» dasturiga tushgach, maktabgacha ta'lim muassasasiga ham besh yuz million so‘m mablag‘ ajratilgan, lekin pullar faqat bog‘chaning tashqi fasad qismi, eshik-derazalarni ta'mirlashga yetgan.
«Mutasaddilar ishlar chala-chulpa tugatilgach, mendan bog‘chani ochishni talab qilishdi. Men unamadim. Axir bu ahvolda bog‘chani ishga tushirish, ko‘ra-bila turib, bolalarning hayotini xavf-xatarga qo‘yish bilan barobar. Bog‘cha aslida to‘rt oy muddatga yopilgan edi, mana, salkam bir yil bo‘lyapti hamki, bog‘chani ocholmayapmiz. Shu vaqt oralig‘ida bormagan joyim qolmadi. Kimga murojaat qilsam, «mablag‘ yo‘q, o‘zingiz bir amallab pul toping, ota-onalar homiylik qilishsin, nima qilib bo‘lsa ham bog‘chani ishga tushiring», degan gapni eshityapman», ─ deyiladi mudiraning bergan ma'lumotlarida.
Bayon qilinishicha, gazeta muxbirlari voqea joyiga borib, holatni o‘rganishlari chog‘ida Parkent tumani hokimining qurilish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari, tuman prokurori, tuman maktabgacha ta'lim muassasasi bo‘lim boshlig‘i yetib kelgan. Bog‘chadagi tugallanmay qolgan ishlarni uzog‘i bilan bir oy muddatda yakuniga yetkazishga va'da berilgan.
Tuman hokimining qurilish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Zafar Tursunov qo‘shimcha mablag‘ ajratishni, quruvchi Namoz Nafasov to smeta tasdiqlanib, mablag‘ ajratilguncha o‘z mablag‘i hisobidan qolgan ishlarni davom ettirishni, tuman maktabgacha ta'lim bo‘limi rahbari Ulug‘bek Muhammadaliyev boshqa bog‘chaga ajratilgan mablag‘ning ma'lum bir qismini shu muassasaga yo‘naltirishni, tuman prokurori Dilshod Ismoilov esa mazkur muammoni shaxsan o‘zi nazoratga olishini ta'kidlagan.
Ammo ko‘p o‘tmay qishloq aholisidan yana bog‘chaning holati bilan bog‘liq shikoyatlar kelgan. Jurnalist tashrifidan so‘ng ishlar sal jonlangan, lekin ayni paytda ta'mirlash yana to‘xtab qolgan.















