AQSh prezidenti Donald Tramp va Eron prezidenti Hasan Ruhoniy bir-biriga nisbatan keskin bayonotlar va bevosita haqoratlar bilan chiqishmoqda. Ruhoniy Oq uy «aqlan zaif» ekanligini aytganidan so‘ng Tramp tvitterda Eronga qarshi «yakson qiluvchi kuch» qo‘llanilishini aytib tahdid qildi.
«Eronning Amerikaning biror narsasiga hujumiga AQSh yakson qiluvchi kuch bilan javob qaytaradi. Ba'zi sohalarda bu butunlay yo‘q qilib yuborishni anglatadi», deb yozdi Tramp tvitterda.
Amerika prezidenti Eron rahbarlarini tajovuzkor siyosatda aybladi va ular bugungi voqelikni tushunib yetmaganini aytdi.
«Eron yaxshilik va rahm qilinayotganini tushunmayapti. Hech qachon tushunmagan. Ular afsuski, kuchni tushunishadi, AQShda esa dunyodagi eng qudratli armiya bor», - deya qo‘shimcha qildi Tramp.
Tramp Eron prezidenti Hasan Ruhoniyning milliy televideniye orqali qilgan bayonotlariga javoban bu so‘zlarni yozdi.
Ruhoniy Vashingtonning Eron diniy yetakchisi Oyatulloh Ali Xominaiyga nisbatan shaxsiy sanksiyalar kiritish haqidagi qarorini keskin qoraladi.
«Oq uyning harakatlari uning aqli zaifligini bildiradi», - dedi Eron prezidenti.
Rasmiy Tehron yangi sanksiyalar nizoning diplomatik yo‘l bilan hal qilinishiga to‘sqinlik qilishini bildirdi.
«Tramp ma'muriyati dunyoda tinchlik va xavfsizlikni saqlashga imkon beradigan barcha xalqaro mexanizmlarni yo‘q qilmoqda», - dedi Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Musaviy.

Foto: GETTY IMAGES
Avvalroq Tramp agarda yadroviy sinovlardan voz kechmasa Shimoliy Koreyani butunlay yo‘q qilib yuborish bilan tahdid qilgandi. 2017 yilda Kim Chen In Trampni aqlini yo‘qotgan qariya deb atagandi.
AQSh prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Jon Bolton esa Eron «ochiq eshikdan kirishi» va Vashington bilan muzokaralar stoliga o‘tirishi mumkinligini aytdi.
Eronga qarshi sanksiyalar


















