O‘zbekistonning xalqaro maydonda tutgan keng o‘rni Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligidagi mamlakat tashqi siyosatining o‘ziga xos xususiyati bo‘lib qolmoqda. Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori o‘rinbosari Sanjar Valiyevning aytishicha, bunday yo‘nalish tashabbuskor tashqi siyosatni talab qiladi. Ekspert Kun.uz saytiga bergan intervyusida O‘zbekiston rahbariyatining yangi tashabbuslari yaqin qo‘shnilar bilan munosabatlarni qanday tarzda shakllantirishi haqida so‘z yuritdi.

- Moskva va Toshkent o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarning Shavkat Mirziyoyev davrida rivojlanishini qanday ta'riflagan bo‘lardingiz?

- Rossiya bilan munosabatlar biz uchun doimo strategik ahamiyatga ega bo‘lib kelgan. 2005 yilgi kelishuvga muvofiq, mamlakatlarimiz o‘rtasida ittifoqchilik munosabatlari o‘rnatildi, hamkorlikning keng qamrovli dasturlari doimo qo‘llab-quvvatlandi. Shavkat Mirziyoyev prezidentlikka kelishi bilan ikki tomonlama hamkorlikning barcha sohalarida aloqalar jadal rivojlana boshladi. Buni qurollanmagan ko‘z bilan ham ko‘rish mumkin.

Hamkorlikning bunday jadallashuvi davlatimiz rahbarining dinamik boshqaruv uslubini va O‘zbekistondagi islohotlarning yuqori sur'atini aks ettiradi. Mamlakatimizda iqtisodiy o‘sishning jadallashishi tashqi hamkorlar bilan maksimal darajada hamkorlik qilishni talab qiladi. Va Rossiya ular orasida yetakchi o‘rinni egallaydi.

So‘nggi ikki yil ichida, ayniqsa, prezident Mirziyoyevning Rossiya rahbariyati bilan muzokaralari davomida erishilgan natijalarni hisobga olgan holda, men ushbu hamkorlik davrini ilgari ishlab chiqilgan va hozirda faol rivojlanib borayotgan ikki tomonlama normativ-huquqiy asosning amaliy ijrosiga o‘tish deb ta'riflagan bo‘lardim.

- Rossiya bosh vaziri Dmitriy Medvedev O‘zbekistonga qilgan oxirgi tashrifi chog‘ida Rossiya telekanaliga bergan intervyusida mamlakatlar o‘rtasidagi munosabatlarda sovuqchilik davri ham bo‘lganligini aytdi.

- Albatta, turli davrlar bo‘lgan, ba'zida bizni qoniqtirmagan holatlar ham kuzatilgan. Shuni anglash lozimki, bu xalqaro munosabatlardagi oddiy jarayon hisoblanadi, chunki mamlakatlar tashqi siyosati asosida milliy manfaatlar yotadi. Ular qayerdadir kesishadi, qayerdadir mos keladi, yana qayerdadir ajraladi. Shunga qaramay, ikki tomonlama kun tartibimizda munosabatlardagi o‘zaro hurmat har doim hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lgan. Biz doimo Rossiya manfaatlarini e'tirof etdik va hisobga oldik, uning o‘zimiz a'zo bo‘lgan xalqaro tashkilotlar doirasidagi tashabbuslarini qo‘llab-quvvatladik va Rossiya tomonidan ham xuddi shunday yordam oldik.

Hozirda xorijiy ekspertlar yangi ochiq O‘zbekiston haqida ko‘p gapirishmoqda va yozishmoqda. Bu ochiqlik chegaralar va iqtisodiy jihatlargagina taalluqli emas. Agarda tashqi siyosat haqida gapiradigan bo‘lsak, demak, gap hamma bilan ochiq muloqot qilish haqida bormoqda. Bu munosabatlarni barcha hamkorlar bilan bir xil intensiv ravishda rivojlantiramiz. Shu bilan birga, ba'zilar bilan hamkorligimizda boshqalarga zarar yetkazmasligimiz kerak. Bu juda muhim hisoblanadi.