O‘tgan haftadan boshlab, Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlarida yana elektr ta'minotida uzilishlar boshlandi. Hayron qolmay iloj yo‘q. Chunki, yilning sovuq oylari energetiklar bunday holatga, «Aholi va korxonalar isitish uchun ko‘plab moslamalardan foydalanayotgani, iste'mol hajmi oshib ketgani uchun energotizimda uzilishlar bo‘layotgani»ni, bahona qilishardi. Yozda esa o‘z-o‘zidan elektr iste'moli kamayadi.
Mazkur holat o‘z-o‘zidan aholi va tadbirkorlar o‘rtasida norozilik tug‘dirmoqda. Ulardan kelgan murojaatlar bilan tanishing:
«Tadbirkorlik bilan shug‘ullanaman. Ishlab chiqarishim bor. Korxonam Namangan viloyati Yangiqo‘rg‘on tumanida. Elektrni ogohlantirmay o‘chirib qo‘yishyapti. Aynan kunduz kuni ish qizg‘in ketayotganida ikki-uch soat elektr bo‘lmaydi. Elektr tarmoqlariga aloqaga chiqsak, «Ajratilgan limit bo‘yicha o‘chiryapmiz», deydi. Beton aralashtirgichda sementlar qotib, ishlatib bo‘lmaydigan holatga kelyapti. Zarar ko‘ryapmiz».
«Men Farg‘ona viloyati, Dang‘ara tuman, Naymancha qishlog‘ida yashayman. Qishda hamma uyini tok bilan isitadi, buni tushunamiz. Hududimizda har uch soatda bir soatdan o‘chirib qo‘yishni boshlashdi. Sababini so‘rasak, «Ogranicheniye», deyishadi. Nahotki, yorug‘ yozda ham «cheklov» bo‘lsa?».
«Andijon shahar Xakan fidri hududida har kuni uch-to‘rt marta elektr o‘chyapti. Elektr tarmoqlariga telefon qilsak, ishlab chiqarish stansiyalarida yoqilg‘i yetishmayotganini aytishyapti. Yozda shu ahvol bo‘lsa, qishda har doimgidan battar bo‘lmasmikan?».
Vodiyning turli burchaklarida yashovchi aholi vakillaridan yuborgan bu kabi murojaatlarni ko‘p keltirishimiz mumkin.
Iste'molchilar o‘z-o‘zidan elektr o‘chishi uchun bor mas'uliyatni viloyat va tuman hududiy elektr tarmoqlari korxonalariga qo‘yib, ularni «aybdor» deb bilmoqda. Biz uch viloyat energetika tizimi mutasaddilari bilan bog‘lanib, voqeaga oydinlik kiritishga harakat qildik.
Elektr ta'minotidagi uzilishlar sababi nimada?
Hududiy elektr tarmoqlari korxonalari ikki tomonlama tuzilgan shartnomaga asosan iste'molchilarga sifatli va uzluksiz elektr energiyasi yetkazib beradi. Uch viloyat soha vakillari bilan ayni paytda elektr uzatish tizimidagi «o‘chishlar» bo‘yicha suhbatlashdik.
Namangan hududiy elektr tarmoqlari jamiyati dispetcherlik xizmati boshlig‘i Mahammadali Irisqulov shunday dedi: «Namangan viloyatidagi iste'molchilarga bir sutkada yetarli darajada elektr energiyasi yetkazib berish uchun 11 mln. kVt-soat miqdoridagi energiya zarur. Ayni paytda viloyatga 9,5 mln. kVt. soat elektr energiyasi berilyapti. Buning oqibatida joylarda uzilishlar bo‘lyapti. Yirik nasoslari bo‘lgan, muhim iqtisodiy hududlarni iloji boricha o‘chirmaslikka harakat qilyapmiz. Markazlashgan energotizimda, energiya ishlab chiqaruvchi stansiyalardagi yoqilg‘i, asosan tabiiy gaz tanqisligi bois, mana shu holat kelib chiqyapti ekan».















