Rossiya prezidenti Vladimir Putin G20 sammiti doirasida Britaniyaning Financial Times gazetasiga intervyu berdi. Putin intervyusida xususan, AQSh va Xitoy bilan munosabatlar, Suriyadagi operatsiya, Sergey Skripalning zaharlanishi xususida so‘z yuritdi.

Donald Tramp haqida

«Janob Tramp karerali siyosatchi emas, uning dunyoga va AQSh milliy manfaatlariga nisbatan o‘z qarashi bor. Masalan men uning muammolarni hal qilishdagi aksariyat usullariga qo‘shilmayman. Ammo men qanday fikrdaman, bilasizmi? U iste'dodli inson. U saylovchi undan nima kutayotganini juda yaxshi tushunadi».

Xitoy bilan munosabatlar haqida

«Bizning hech kimga qo‘shilishimizning va birovlarga qarshi o‘z siyosatimizni qurishimizning keragi yo‘q. Biz Xitoy bilan hech kimga qarshi siyosat yuritmayapmiz. Biz shunchaki hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha rejalarimizni bosqichma-bosqich amalga oshiryapmiz, buni 2001 yildan buyon qilmoqdamiz va bu rejalarni amalga oshirish yo‘lidan bormoqdamiz».

Shimoliy Koreya haqida

«Shimoliy Koreyaning o‘z xavfsizligini ta'minlash borasidagi qonuniy xavotiriga hurmat bilan yondashish lozim. Uni hurmat qilish va Shimoliy Koreya amin bo‘ladigan xavfsizlikni ta'minlash yo‘lini topish kerak. Agarda bu amalga oshsa, ishoning, vaziyat hech kim kutmayotgan darajada o‘zgara boshlaydi».

Suriyadagi operatsiya haqida

«Biz men kutgandan ko‘ra ko‘proq natijaga erishdik. Birinchidan, Rossiyaga – yoki Rossiyaga yoki biz bilan viza rejimi yo‘q davlatlarga qaytishni rejalashtirgan ko‘psonli jangarilar yo‘q qilindi – gap bir necha ming kishi haqida bormoqda. Unisi ham, bunisi ham biz uchun birdek xavfli. Bu birinchidan.

Ikkinchidan: geografik jihatdan bizga yaqin bo‘lgan mintaqadagi vaziyatning barqarorlashishiga erishdik. Bu ham juda muhim. Shu orqali Rossiyaning ichidagi xavfsizlikni ta'minlashga bevosita ta'sir ko‘rsatdik – bu uchinchidan.

To‘rtinchidan: biz mintaqadagi barcha davlatlar bilan yetarlicha yaxshi munosabat o‘rnatdik va bizning Yaqin Sharq mintaqasidagi pozitsiyamiz barqarorlashdi. Nafaqat Eron va Turkiya, balki mintaqadagi boshqa davlatlar bilan ham do‘stona, hamkorlik, ayrim jihatlarda ittifoqchilik munosabatlari shakllandi».

Venesuela haqida

«Men bu haqda ko‘p marta va amerikalik hamkorlarimizga ham aytganman: u yerda bizning qo‘shinlarimiz yo‘q. Tushunyapsizmi? Mutaxassislar bor, yo‘riqchilar bor, ular ishlashyapti. Shu bilan birga, yaqinda, chamasi bir hafta oldin maslahatchi va mutaxassislarimiz guruhi u yerdan chiqib ketdi, ular u yerdan ketishdi. Qanchadir vaqtdan so‘ng yana qaytishlari mumkin.