DW xabariga koʻra, Vadeful bu haqda 25-sentabr, juma kuni Ottavada Kanada tashqi ishlar vaziri Anita Anand bilan uchrashuvda gapirgan. U AQShning Putinni dekabrda boʻlib oʻtadigan G20 sammitiga taklif qilishini Rossiya rahbari uchun oʻziga xos sinov deb atagan.

Germaniya tashqi ishlar vaziri Berlin va Ukrainaning Gʻarbdagi boshqa ittifoqchilari Rossiya hukumatini, jumladan, shaxsan Putinni bir necha bor muzokaralar stoliga chaqirganini eslatdi. Uning soʻzlariga koʻra, Rossiyaning aniq natijaga qaratilgan muzokaralarga tayyorligini Ukrainada oʻt ochishni toʻxtatish orqali baholash mumkin.

Putin harbiy harakatlarni davom ettirsa, G20 sammitini boykot qilish kerakmi, degan savolga javoban Vadeful Rossiyaning tadbirdagi ishtiroki hozircha faqat ehtimol ekanini taʼkidladi. U yaqin haftalarda voqealar qanday rivojlanishini kutishga chaqirdi.

«Rossiya muzokara olib borishi kerak - qancha erta boʻlsa, shuncha yaxshi», - dedi Germaniya tashqi ishlar vaziri.

Kanada tashqi ishlar vaziri Anita Anand ham Putinning sammitdagi ehtimoliy ishtiroki boykot uchun sabab boʻlmasligini bildirdi. Uning aytishicha, diplomatiya muzokaralar stolida qolishni va murakkab masalalar yuzasidan muloqotni davom ettirishni talab qiladi.

Avvalroq AQSH davlat kotibi Marko Rubio Putin dekabrda Mayamida oʻtkaziladigan G20 sammitiga taklif qilinganini maʼlum qilgan edi. Rubioning taʼkidlashicha, bu tashrif Rossiya prezidentiga AQSH prezidenti Donald Tramp, shuningdek, boshqa davlat va hukumat rahbarlari bilan muzokaralar oʻtkazish imkonini berishi mumkin. Kreml hozircha taklifga qanday javob berishini belgilamagan.

Ayni paytda, The Washington Post gazetasiga koʻra, AQSH Kongressi Senatining har ikki partiyaga mansub 14 aʼzosi Trampni Putinga yuborilgan taklifni qaytarib olishga chaqirgan.

Respublikachilar va demokratlar Oq uy rahbariga yoʻllagan murojaatida Rossiyaning Ukrainaga qarshi keng koʻlamli urush boshlashi uchun Putin shaxsan javobgar ekanini taʼkidlagan. Ular Ukrainadagi fuqarolik obyektlariga zarbalar davom etayotgan bir paytda Rossiya rahbarining AQShdagi sammitda ishtirok etishi Rossiya hokimiyatiga xalqaro maqbullik berish va u bilan munosabatlarni odatiy holga qaytarish xavfini tugʻdirishini bildirgan.

Senatorlar Putin va Rossiya delegatsiyasining boshqa vakillari Vashington AQSH milliy xavfsizligiga tahdid deb baholaydigan harakatlari uchun Amerika sanksiyalari ostida ekanini ham eslatgan.