Foto: Ektor Kuper Superliga o‘yinlari vaqtida Afrika Millatlar kubogi uchun ekspertlik qilmoqda. O‘FA bu holatga izoh berdi
O‘zbekiston milliy jamoasi bosh murabbiyi Ektor Kuper ayni paytda Misrda davom etayotgan Afrika Millatlar kubogida ekspert sifatida ishtirok etmoqda. Ushbu ma'lumotni O‘FA rasmiylari bugun bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida tasdiqladi, deb xabar bermoqda Tribuna.uz muxbiri.
Superligada birinchi davraning so‘nggi tur o‘yinlari bo‘lib o‘tayotgan bir vaqtda milliy jamoaning bosh murabbiyi e'tiborini boshqa bir turnirga qaratayotgani bo‘yicha e'tirozlarga javoban assotsiatsiya vakillarining ma'lum qilishicha, Kuper hozir ta'tilda va uning ta'til muddatlari o‘tgan yili avgustda imzolangan shartnomada belgilab qo‘yilgan.
«Kuper Afrika Millatlar kubogida ekspert sifatida ishlayotganidan xabarimiz bor. Bu haqda u bilan gaplashganmiz. Shartnomada uning ish taqvimi tasdiqlangan. Qaysi payt Toshkentda bo‘ladi, hammasi kontraktda ko‘rsatib o‘tilgan. Superligada ikkinchi davra boshlanishiga Kuper ham yetib keladi», – dedi O‘FA vitse-prezidenti Ravshan Ermatov.
O‘FA bosh kotibi Avaz Maksumovning qo‘shimcha qilishicha, Kuperning «xalqaro turnirda qatnashayotgani ham yaxshi. U yerda xalqaro bilimlarini qayta tiklab oladi».
«Superligada o‘yinlar bo‘layotgan vaqtda Kuperning o‘zi bo‘lmasa ham, uning tahlil guruhi ishlayapti. O‘yinlarni taqdim etib berishadi. Murabbiy o‘yinni shunchaki ko‘rib, tahlil qilmaydi. Videolarini ko‘rib, guruhi bilan tahlil qiladi.
Hech qaysi murabbiyga, menimcha, jamoasining yutqazishi kerak emas. U ham harakat qilyapti. Ravshan akam [Ermatov] gaplashgan kuni Kuper aytdi: «Uchrashuv uchun, yana nima qilib berishimiz kerak, deb so‘rayotganlaring uchun rahmat. Bo‘ldi, birgalashib ishlaymiz», dedi», – deb ma'lum qildi Maksumov.
O‘FA rasmiylariga ko‘ra, argentinalik mutaxassis bilan shartnomada uning maoshini oshkor qilmaslik bo‘yicha band bor.
«Tuzilgan kelishuvni hurmat qilishimiz kerak. O‘zimizdan o‘zimiz bu haqda ma'lumot bersak, noto‘g‘ri bo‘ladi», – dedi Ravshan Ermatov.
Eslatib o‘tamiz, Ektor Kuper O‘zbekiston milliy jamoasi boshqaruviga kelgunga qadar 3 yil Misr milliy jamoasini boshqargan. 2017 yilgi Afrika Millatlar kubogida uning qo‘l ostidagi misrliklar finalgacha yetib borib, hal qiluvchi o‘yinda Kamerunga 1:2 hisobida yutqazgan edi.
Shundan so‘ng Kuper Misrni 28 yil ichida ilk marta Jahon chempionatiga olib chiqqan. JCh-2018da 63 yoshli murabbiy jamoasi Rossiya, Urugvay va Saudiya Arabistoni bilan bir guruhdan joy olib, har uchala bahsda ham mag‘lubiyatga uchragan edi.
Mavzuga oid
21:04 / 29.11.2024
O‘zbekistonning 2024 yildagi eng yaxshi futbolchisi nomi uchun da’vogarlar e’lon qilindi
19:04 / 16.03.2024
UZCARD O‘FA va PFL rasmiy hamkoriga aylandi
14:59 / 19.02.2024
O‘FA hisobchisi 350 ming dollarni o‘zlashtirib, qochib ketgani haqida xabarlar tarqaldi
17:17 / 26.12.2023