Fargʻona shahridagi koʻp qavatli uylardan birining yertoʻlasida baliq boqilayotgani aniqlandi. Bu haqda Fargʻona viloyati hududiy qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, holat inspeksiya tomonidan Fargʻona shahrining Muruvvat mahallasidagi koʻp qavatli uylarda oʻtkazilgan monitoring davomida aniqlangan. Mulkdor yertoʻladagi turli xonalarni toʻsib, oʻzboshimchalik bilan egallab olgan. Soʻngra katta hajmdagi sunʼiy hovuz oʻrnatib, unda baliq boqish uchun ichimlik suvi quvuri tortgan. 

Screenshot_1

Holat yuzasidan mulkdorga nisbatan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilib, jarima qoʻllangan. Unga yertoʻlani 15 kun ichida boʻshatib, avvalgi holatiga keltirish boʻyicha yozma koʻrsatma berilgan.

Bundan tashqari, ichimlik suvidan oʻzboshimchalik bilan foydalanish holati ham qayd etilgan. Bu boʻyicha fuqaroga maʼmuriy jarima rasmiylashtirilgan.

Avvalroq Zarafshon shahrida koʻp qavatli uydagi xonadonda basseyn qurib olingani aniqlangandi.