Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “Madaniy meros to‘g‘risida”gi qonun loyihasi e'lon qilindi.

Qayd etilishicha, madaniy meros obektlarini hisobga olish va muhofaza qilishni samarali tashkil etish maqsadida madaniy meros obektlari quyidagi toifalarga bo‘linadi:

YuNeSKOning Umumjahon madaniy va tabiiy merosi ro‘yxatiga kiritilgan tarixiy, ilmiy, me'moriy, arxeologik badiiy va memorial qimmatga ega bo‘lgan xalqaro ahamiyatga molik madaniy meros obektlari;

butun mamlakat tarixi va madaniyati uchun alohida ahamiyatga molik tarixiy, ilmiy, me'moriy, badiiy, arxeologik va memorial qimmatga ega bo‘lgan respublika ahamiyatidagi madaniy meros obektlari;

viloyat, tuman, shahar tarixi va madaniyati uchun alohida ahamiyatga ega bo‘lgan tarixiy, ilmiy, me'moriy, badiiy, arxeologik va memorial ahamiyatga ega bo‘lgan mahalliy ahamiyatdagi madaniy meros obektlari.

Nomoddiy madaniy meros obektlari quyidagi sohalarda namoyon bo‘ladi:

o‘zlikni namoyon qilishning og‘zaki shakl va an'analari;

ijrochilik san'ati;

jamiyatning urf-odat, marosim va bayramlari;

tabiat va koinot bilan bog‘liq bilim va urf-odatlar;

an'anaviy hunarmandchilik bilan bog‘liq bilim va ko‘nikmalar.

YuNeSKOning Butunjahon madaniy va tabiiy merosi ro‘yxatiga kiritish uchun taklif etilayotgan madaniy meros obektlari ro‘yxati O‘zbekiston Respublikasi hukumati tomonidan O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida belgilangan tartibda taqdim etiladi.

Respublika ahamiyatidagi madaniy meros obektlarining davlat ro‘yxati vakolatli organ tomonidan tasdiqlanadi.

Mahalliy ahamiyatdagi madaniy meros obektlarining davlat ro‘yxati viloyat, tuman, shahar mahalliy ijro etuvchi organlari tomonidan vakolatli organ bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi.

Tarix va madaniyat yodgorliklarini Madaniy meros obektlari deb e'tirof etish, shuningdek, vakolatli organ tomonidan ularning maqomidan mahrum etish to‘g‘risidagi xulosani tayyorlash uchun olimlar, mutaxassislar, madaniyat va san'at namoyandalari, ijodiy uyushmalar va boshqa jamoat birlashmalarining vakillaridan tashkil etilgan maxsus komissiya tuzadilar.