Jahon | 17:29 / 03.07.2019
23993
2 daqiqa o‘qiladi

Qirg‘iziston sobiq prezidenti Atamboyevning tarafdorlari Bishkekda mitingga chiqishdi

Bishkekda Qirg‘iziston sobiq prezidenti Almazbek Atamboyevni qo‘llab-quvvatlash uchun boshlangan mitingga 500dan ortiq kishi keldi. Bu haqda Atamboyev asos solgan Qirg‘iziston sotsial-demokratik partiyasi kotibiyati ma'lum qildi. 

"Aksiyada qatnashish uchun besh yuzdan ortiq kishi keldi va odamlar kelishda davom etmoqda", - dedi kotibiyat vakili. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, miting ishtirokchilari sobiq prezidentning siyosiy ta'qib qilinishi to‘xtatilishini va davlat rahbari Sooronbay Jeenbekovning iste'fosini talab qilishmoqchi.

May oyida Qirg‘iziston prezidenti Sooronbay Jeenbekov sobiq prezidentlarni daxlsizlikdan mahrum qilish to‘g‘risidagi qonunni imzoladi. Unga ko‘ra, sobiq davlat rahbari vakolati tugagach yoki hukumatdan chetlashtirilganidan so‘ng ayrim hollarda jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkin.

Atamboyevga qarshi ayblovlarni maxsus deputatlar komissiyasi ilgari surdi.

Parlamentchilarning fikricha, Atamboyev jinoiy avtoritet Aziz Batukayevning qonunga zid ravishda ozod etilishi, Issiqko‘l va Chuy viloyatlarida yerlarning noqonuniy o‘zlashtirilishi, daromadlarni yashirish, Bishkek IES modernizatsiyasi bo‘yicha korrupsiya ishi va unga noqonuniy tarzda ko‘mir yetkazib berilishiga aloqador.

Bosh prokuratura ayblovlarning bir qismini qo‘llab-quvvatladi.

Mavzuga oid