Oliy Majlis Senatining yigirmanchi yalpi majlisida senatorlar tomonidan «Qurol to‘g‘risida» gi qonun ma'qullangan edi. Mazkur hujjat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Farrux Dadaxo‘jayev o‘z munosabatini bildirdi. U Kun.uz'ga bergan intervyusida qonun mohiyatini tushuntirib, bahsli savollarga javob berdi.
Video: Youtube
Video: Mover (tas-ix)
— «Qurol to‘g‘risida» gi qonun Cenat tomonidan ma'qullangunga qadar O‘zbekistonda qurol deganda qanday tushuncha anglashilgan va ayni holatda qurol deganda nimani tushunamiz?
— Mana shu masala, shu «Qurol to‘g‘risida»gi qonun Senat tomonidan ma'qullanganidan keyin, juda ko‘p tushunmovchilikka olib kelyapti. O‘zimga ham aholimizdan yuzlab murojaatlar bo‘layapti. «Mana endi borib, do‘kondan qurolni sotib olib, yursa bo‘ladi», degan noto‘g‘ri tushunchalar ketdi.
Avvalo, qurol deganimizda biz uch xil qurolni bilamiz. Birinchi qurol — harbiy masalalar uchun ishlatiladigan vosita. U davlat rahbarining qarorlari bilan tartibga solingan. Ikkinchi qurol bu xizmat qurolidir. Xizmat qurolini ichki ishlar organlari, huquqni muhofaza qilish organlari va qorovul xizmati organlari ishlatadi. Qonunda mana shu ham ko‘rsatib o‘tilgan. Uchinchi qurol esa, mana shu aholi o‘rtasida shov-shuv bo‘layotgan masala, bu fuqaro quroli.
Fuqaro uchun aslini olganda, agar biz shu o‘qotar qurollarni oladigan bo‘lsak, bu ovchilarni ov qilish quroli bo‘lishi mumkin. Bilasizlar, ovchilar bundan yuz yil oldin ham, ming yil oldin ham, o‘n yil oldin ham bo‘lgan. Ularda qurol ham bo‘lgan. Bu tizim asosan ichki ishlar organlari, huquqni muhofaza qilish organlarining o‘zini qonun qoidalari bilan tartibga solib kelingan. Tartib kuchli bo‘lgan, lekin qonunbuzarlikka ham yo‘l qo‘yilgan.
Endi mana fuqaro quroli nima deganda, ovchilarning qurolini tushunish lozim. O‘zbekistonda 39 mingga yaqin ovchi bor. Bugungi kunda shunga yaqin va ularning qo‘lida 53 mingta qurol bor. Mana shu qurollarning egasi bo‘lishi uchun duch kelgan inson do‘kondan qurol sotib olmaydi. Birinchidan hamma viloyatda ham qurol sotadigan markazlar yo‘q. Toshkent yo Samarqand kabi yirik aholi yashayotgan viloyatlarda faoliyat olib borayotgan qurol do‘konlariga ham qancha qurol olib kirish mumkin, qanaqa qurol olib kirish mumkin, qanaqa tartibda sotish mumkin, degan masalalari puxta ko‘rib chiqilgan.


















