15 iyun kunidan boshlab O‘zbekistonning barcha oliy ta'lim muassasalarida qabul komissiyalari o‘z ishini boshladi.

Xususan, Xorazm viloyatining eng katta oliygohi Urganch Davlat Universiteti (UrDU) ham abituriyentlar uchun o‘z eshiklarini ochdi.

Bu yildan boshlab qabul jarayoniga bir qator o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Endi abituriyentlar pasport (agar u yo‘q bo‘lsa 09-forma yoki tug‘ilganlik guvohnomasi), shahodatnoma (ilovasi bilan) yoki kollej diplomi, mabodo imtiyozi bo‘lsa uni tasdiqlovchi hujjatni taqdim qilgan holda, fanlar bloki bir xil bo‘lgan uchta yo‘nalishni tanlash imkoniyatiga ega bo‘lishdi (kasbiy (ijodiy) imtihon topshiradiganlar bundan mustasno. Ular faqat 1ta yo‘nalishni tanlay oladilar). Hujjatlarni topshirish maktab yoki kollejni 2019 yilda tugatganlar uchun bepul, o‘tgan yillarda tugatganlar uchun esa pullik – 101 365 so‘mga teng.

Qabul jarayonining so‘nggi haftasi boshlangani va u qizg‘in pallaga kirgani munosabati bilan Urganch Davlat Universitetiga borib, jarayonning qanday ketayotgani, abituriyentlar va ota-onalarga yaratilgan sharoit va qulayliklarni o‘rganishga jazm qildik.

2019/20 o‘quv yilida Urganch Davlat Universitetiga bakalavriatning kunduzgi ta'lim shakli bo‘yicha jami 2770 talaba, bakalavriatning sirtqi ta'lim shakli bo‘yicha jami 890 talaba, magistrlar tayyorlash bo‘yicha 135 talaba qabul qilinishi rejalashtirilmoqda.

Hujjatlarni qabul qilish jarayoni UrDU o‘quv va ma'muriy binolarida mutaxassisliklar bo‘yicha emas, balki shaharlar va tumanlar bo‘yicha tashkil qilingan. Ya'ni abituriyentlar qaysi yo‘nalishni tanlashidan qat'iy nazar, o‘z tumani bo‘yicha hujjat topshirishiga to‘g‘ri keladi.

Hujjatlarni qabul qilish jarayonini o‘rganib, sharoitlar turlicha ekanini aniqladik.

Masalan, Hazorasp va Yangiariq tumani abituriyentlaridan hujjatlarni qabul qilish jarayoni Tarix fakulteti binosining yo‘lagida tashkil qilingan. Vaholanki, yo‘lakning ikki tomonidagi katta auditoriya bo‘sh turibdi. Natijada, kunning issig‘ida yo‘lak juda dim holatga kelgan, nafas olish og‘ir bo‘lgan darajada isib ketgan. Bu esa xodimlar, abituriyentlar va ota-onalar uchun juda noqulay vaziyatni yuzaga keltirgan.