Qabul jarayonini o‘rganish maqsadida Samarqand davlat universitetida bo‘lganimizda taxminan to‘rt yuzga yaqin (!) abituriyentlarning hujjat topshirish uchun navbatda turganiga guvoh bo‘ldik. Bu Samarqanddagi barcha oliy o‘quv yurtlari ichida eng katta navbat edi.


Navbat katta va tartibsiz, shu sababdan bo‘lsa kerak hatto yordamga kelgan ichki ishlar xodimlari ham ba'zan tartibni saqlashda qiynalib qolishmoqda. Universitet ma'muriyatining bildirishicha, hatto milliy gvardiyani yordamga chaqirishga ham majbur bo‘lishgan.
Xo‘sh, nima sababdan bu qadar uzun navbatlar paydo bo‘lmoqda?
Universitet qabul komissiyasi mas'ul kotibi bir qator omillarni sanab o‘tdi. Ulardan eng asosiysi, Davlat test markazi saytidagi maxsus dastur yaxshi ishlamayotgani, sayt qotib qolayotgani bilan bog‘liq ekan.
SamDU qabul komissiyasi mas'ul kotibi Rahmatulla Mirzayev navbatlar sababiga to‘xtaldi.
«Samarqand davlat universiteti qabul komissiyasida qirqta kompyuterda mutaxassislar o‘tiribdi. Har bir abituriyentga 5 daqiqa ajratilganda ham ikki soat ichida ming kishining hujjatlarini qabul qilish mumkin. Afsuski, kuni bilan kompyuter bazasi besh-olti martalab, bir qotganda 40 daqiqagacha qotib ishlayapti. Oqibatda uzundan-uzun navbatlar paydo bo‘lmoqda. Yana qator omillar bor. Prezidentimizning tegishli qarori bilan beshta oliy o‘quv yurtida hujjatlarni ro‘yxatdan o‘tkazish davlat xizmatlari markaziga tushgan.
Bular Toshkent davlat yuridik universiteti, Qoraqalpog‘iston Davlat universiteti, Guliston davlat universiteti, Farg‘ona davlat universiteti va Samarqand davlat universiteti. Davlat xizmatlari markazi ishni qanday tashkil etgan, buni biz bilmaymiz.
Aslida, beshta oliy o‘quv yurtida hujjat ro‘yxatdan o‘tmaslik kerak. Masalan, Toshkent davlat universitetiga borsangiz, birorta hujjat qabul qilinmayapti. Bizdagi 50ta yo‘nalishdan 9tasida ijodiy imtihonlar bo‘lgani uchun ularning hujjatini qabul qilishimiz lozim. Bundan tashqari, nogironlar, imtiyozlilar, xorij fuqarolari hamda o‘zga tilli guruhlar. Ammo amalda barcha abituriyentlarni qabul qilishimizga to‘g‘ri kelyapti. Qolaversa, endilikda bir oliygoh orqali boshqa oliygohga ham hujjat topshirish mumkin. Shuning hisobiga ham hozir juda katta navbat yuzaga kelgan. Biz Davlat test markazi maxsus dasturi orqali ishlaymiz. Bir vaqtning o‘zida respublikamiz bo‘yicha 6 mingga yaqin operator ishlayapti. Dastur qotib qolyapti, ba'zi paytda umuman ishlamayapti. Yana bir tomoni, endilikda aytaylik, bitta bizning oliygoh orqali istagan oliy ta'lim muassasasiga hujjat topshirish mumkin», — deydi R.Mirzayev.


















