Shanxay hamkorlik tashkilotining 2022 yilgi sammitiga mezbonlik qiladigan Samarqandda rejalashtirilgan qurilish ishlari shahar tashqarisida olib borilishi ko‘zlanmoqda. Bu xususida Madaniyat vaziri o‘rinbosari Kamola Oqilova Oliy Majlis Senati Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasining 2019 yil birinchi yarmidagi faoliyati yuzasidan matbuot anjumanida to‘xtalib o‘tdi.

Vazir o‘rinbosarining qayd etishicha, Samarqanddagi qurilish jarayonini joriy yil yanvar oyida YuNeSKO mutaxassislari kelib, o‘rgangan. U yerdagi muammo hozir Shanxay sammiti uchun qurilishi rejalashtirilgan obektlarga bog‘liq bo‘lib qolmoqda. «Har qanday qurilishda tarixiy obektga tegish mumkin emas, uning bufer zonasi, ya'ni muhofaza hududida qurilish olib borish uchun esa YuNeSKO mutaxassislari bilan kelishish kerak. Shahrisabz tarixiy markazi bilan bog‘liq holatdan keyin YuNeSKOning bizga bo‘lgan munosabati o‘zgardi, chunki bu qadimiy shahar nafaqat milliy, balki umumjahon meros hisoblanadi. Parijdagi shaharsozlik institutidan mutaxassislarni chaqirdik. Ular Samarqandga kelib, qayerda qurilish olib borilishi mumkinligini o‘rganib chiqishdi. Tavsiyalar berildi, bu tavsiyalarni YuNeSKOga jo‘natdik. Loyihalar shular asosida qilinishi kerak. Loyihalar tayyor bo‘lgandan keyin ularning tarixiy obektlarga bo‘lgan ta'siriga mutaxassislar baho beradi, uni ham YuNeSKO ko‘rib chiqadi. Hozir sammit uchun mo‘ljallangan obektlarni Samarqanddan tashqari hududda qurish masalasi ko‘rilmoqda», — deydi Kamola Oqilova.

Vazir o‘rinbosarining qayd etishicha, tarixiy obektlar bilan bog‘liq muammolarga restavratsiya institutining mavjud emasligi, inshootlarning kadastr hujjatlari yo‘qligi sabab bo‘lmoqda.

— 90 yillargacha restavratsiya instituti bor edi. Keyin yopilib ketadi, uni qayta tiklash kerak. U tarixiy obektlarni saqlash, tiklash ishlariga ilmiy jihatdan yondashib, tadqiq qilishi lozim.

Madaniy meros departamentining hududlarda inspeksiyalari bor. Lekin ulardan samara bo‘lmayapti, biz obektlar haqidagi ma'lumotlarni ijtimoiy tarmoqlardan bilib qolyapmiz. Nega? Chunki oyliklar past, inspektorlarning mashinasi yo‘q. Ular ertalabdan kechgacha har bir obektni ko‘zdan kechirib chiqishi kerak.

Uzoq yillar davomida tarixiy inshootlarning kadastr hujjatlari mavjud bo‘lmagani ham hokimliklarning ular atrofida bemalol qurilish ishlarini olib borishiga sabab bo‘lgan, — deya ta'kidladi u.

Eslatib o‘tamiz, Samarqandda 2022 yilda Shanxay sammitining o‘tkazilishi munosabati bilan olib borilayotgan qurilishlarning tarixiy obektlarga ta'siri Butunjahon merosi qo‘mitasining 43-sessiyasida ko‘rib chiqilgani haqida xabar berilgan edi. Unda Butunjahon merosi markazi direktori Metxild Ressler Samarqand masalasida O‘zbekiston delegatsiyasiga qarata: «Biz sizning aql bilan ish ko‘rishingizga ishonamiz», — degan edi.