O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Oliy va o‘rta maxsus ta'lim tizimiga boshqaruvning yangi tamoyillarini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Hujjat matni O‘zA tomonidan keltirilgan.

Quyidagilar O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligining asosiy vazifalari etib belgilandi:

oliy va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi sohasida zamonaviy bilim va yuksak ma'naviy-axloqiy fazilatlarga ega, mustaqil fikrlaydigan yuqori malakali kadrlar tayyorlashga qaratilgan yagona davlat siyosatini amalga oshirish;

zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va chet tillarini chuqur o‘zlashtirgan kadrlarni tayyorlashning yuqori darajasi va sifatini ta'minlash;

idoraviy mansubligidan qat'iy nazar barcha oliy va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi muassasalari faoliyatini muvofiqlashtirish, o‘quv-pedagogik va ilmiy-uslubiy rahbarlikni amalga oshirish, mutaxassislar tayyorlash sifati, ta'lim mazmuni va darajasining davlat ta'lim standartlari va malaka talablariga mosligini ta'minlash;

ta'limning yangi pedagogik texnologiyalari va o‘qitish uslublarini joriy etishning xalqaro amaliyotga muvofiq ta'lim jarayonini tashkil etish, o‘quv rejalari va fan dasturlarini takomillashtirish, o‘qitishning zamonaviy shakllari va axborot-kommunikatsiya texnologiya vositalarini joriy etgan holda o‘quv jarayonini sifat jihatidan yangilash;

iqtisodiyot tarmoqlari, fan va ijtimoiy sohani rivojlantirish ehtiyojlarini hisobga olgan holda ta'lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklarini optimallashtirish, ishlab chiqarish va boshqa korxonalarda talabalar amaliyotini tashkil etish;

oliy va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limining ma'naviy-axloqiy mazmunini kuchaytirish, yoshlarni mustaqillik g‘oyalariga sadoqat, milliy qadriyatlarga hurmat, insonparvarlik va yuksak ma'naviy g‘oyalar asosida vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, yot g‘oya va mafkuralarga qarshi immunitetni mustahkamlash;

oliy ta'lim muassasalarida ilmiy-tadqiqot ishlarini samarali tashkil etish, tadqiqot natijalarini amaliyotga keng joriy etish, ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish, oliy ta'lim, fan va ishlab chiqarishning o‘zaro mustahkam integratsiyasini ta'minlash, ilmiy-tadqiqot ishlariga iqtidorli yoshlarni keng jalb etish hamda ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash;

ta'lim muassasalarini zimmasiga yuklangan vazifalarni yuqori professional darajada bajarishga qodir rahbar va pedagog kadrlar bilan ta'minlash, ularni tizimli rag‘batlantirish choralarini ko‘rish;