Jahon | 01:09 / 12.07.2019
12107
2 daqiqa o‘qiladi

Yevropa Ittifoqi Turkiyaga qarshi sanksiyalar kiritishi mumkin

Foto: Global Look Press

Yevropa Ittifoqi Turkiya Kipr suvlarida gaz konlarini noqonuniy qidirayotgani sababli Anqara bilan savdo muzokaralarini to‘xtatadi va Turkiyaga keyingi yilga mo‘ljallangan moliyalashtirishni muzlatadi. Bu haqda Reuters axborot agentligi xabar berdi. 

Agentlik ma'lumotlariga ko‘ra, bu qaror hali qayta ko‘rib chiqilishi mumkin va Bryusselda muhokama qilinmoqda. “Turkiya noqonuniy burg‘ilashni davom ettirayotgani sababli Yevropa Ittifoqi Anqara bilan transport kelishuvi bo‘yicha muzokaralarni to‘xtatadi va u bilan oliy darajada boshqa hech qanday uchrashuv o‘tkazmaslik bo‘yicha kelishmoqda”, deyilgan xabarda.  

Shuningdek, agar Turkiya burg‘ilashni davom ettirgudek bo‘lsa, Yevropa davlatlari unga qarshi yanada qat'iyroq sanksiyalar kiritishga tayyor.

Noma'lum bo‘lib qolishni istagan yevropalik diplomat agentlik bilan suhbatda Yevropa Ittifoqi bayonoti bo‘yicha xavotir bildirgan. Uning ta'kidlashicha, bu masalada ehtiyotkorlik bilan harakat qilinmoqda, chunki Yevropa Ittifoqiga Turkiya bilan migratsiya, NATO va terrorchilik masalalari bo‘yicha kooperatsiya zarur. U, shuningdek, Yevropa Ittifoqining ba'zi davlatlari Turkiyaga energetika masalalarida tobe ekanligini aytgan va katta ko‘lamli iqtisodiy sanksiyalar joriy qilinmasligini ta'kidlab o‘tgan.  

Kipr oroli ikkita davlatga bo‘lingan. Ulardan biri – Kipr Respublikasi Yevropa Ittifoqi a'zosi, Shimoliy Kipr Turk respublikasi deb ataluvchi ikkinchisi esa faqatgina Anqara tomonidan tan olingan mustaqil davlat hisoblanadi. Bu davlat Turkiya 1974 yilda orolga qo‘shinlar yuborib, ular orolning uchdan birini egallab olganlaridan keyin tashkil topgan. 

Mavzuga oid