Ayni kunlarda jazirama issiq tufayli avtomobilda harakatlanayotgan yo‘lovchi va haydovchilarning quyosh nurlaridan himoyalanishga ehtiyoji ortib borayotganligini ko‘rib turibmiz. Afsuski buni qonuniy va to‘lovlarsiz amalga oshirishning imkoniyati yaratilmagan, deb yozmoqda deputat Rasul Kusherbayev telegramdagi kanalida.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015 yil 24 dekabrdagi 370-son qarori bilan tasdiqlangan “Yo‘l harakati qoidalari”da Transport vositalaridan foydalanishni taqiqlovchi shartlardan bir sifatida barcha transport vositasining old, yon va orqa oynalarining yorug‘lik o‘tkazuvchanligi 70 foizdan kam bo‘lishi belgilangan.
Shu bilan birga, masalaning qonuniy yechimi sifatida jismoniy shaxslar uchun eng kam oylik ish haqining to‘qson baravari, yuridik shaxslar uchun eng kam oylik ish haqining bir yuz yigirma baravari, O‘zbekiston Respublikasida faoliyat ko‘rsatayotgan xorijiy davlatlar yuridik shaxslari uchun eng kam oylik ish haqining bir yuz qirq baravari miqdoridagi to‘lov evaziga ichki ishlar organlari ruxsatnomasi asosida oynalarining tusi o‘zgartirilgan (qoraytirilgan) yengil avtotransport vositalaridan foydalanishga ruxsat berilgan.
Mazkur tartibga rioya etilmagan holatlarda esa Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 126-moddasiga asosan eng kam ish haqining yigirma besh baravaridan qirq baravari miqdorigacha jarima to‘lash belgilangan.
Aholi va jamoatchilikning fikri asosida xulosa qilinsa, bunday tartib va qoidalarning amalga tatbiq etilishida bir qator o‘ziga xos xususiyatlar inobatga olinmagan. Jumladan:
mamlakatimiz nisbatan issiq ob-havo kuzatiladigan iqlim mintaqasida joylashganligi;
issiq va quyoshli kunlarda avtomobil egalari va undagi yo‘lovchilarning issiqdan va quyosh nurlaridan himoyalanishi huquqi uchun pul to‘lashga to‘g‘ri kelayotganligi, bunga imkoniyati bo‘lmaganlarga esa issiqdan va quyosh nurlaridan himoyalanishi uchun qonuniy tartiblar mavjud emasligi;
oynalarining tusi o‘zgartirilgan (qoraytirilgan) yengil avtotransport vositalaridan foydalanishga ruxsat olish uchun belgilangan to‘lov miqdori ayrim yangi avtomobil qiymatining 30 foizidan, hattoki ba'zi avtomobillarning ikkilamchi bozordagi narxining 50 foizidan ham ko‘pni tashkil etayotganligi;
aholi o‘rtasida jamiyatimizda aholining boy va kambag‘al qatlamga ajratib qo‘yilmoqda, degan tushuncha paydo bo‘layotganligi;
qonun hujjatlarida “haydovchining o‘rnidan tevarak-atrofni ko‘rish” tushunchasiga tushuntirish mavjud emasligi inobatga olinmagan.















