14:00 / 16.07.2019
17901

«Tomlari buzib tashlangan uylarda yashayapmiz». Termizda uylari buzilayotganlar o‘zlarini aldamaslikni so‘ramoqda

Tahririyatimizga Termiz tumanidagi «Manguzar» mahallasi ahlidan shikoyat kelib tushdi.

Ma'lum bo‘lishicha, ushbu mahalla o‘rtasini kechib o‘tgan katta yo‘l chetida joylashgan hovlilar buzilib, yo‘llar kengaytirilmoqda. Rejaga ko‘ra, hudud keyinchalik Termiz shahriga qo‘shiladi va buzilayotgan hovlilar o‘rnida kam ta'minlanganlar uchun ko‘p qavatli uylar barpo etiladi.

Biroq mahalla ahli va'da qilingan kompensatsiya puli to‘liq berilmayotganidan norozi. Ularga Termiz tumanidagi «Katta qum» massividan turar joy uchun yer ajratilgan. Aholining deyarli barchasiga narxlatilgan uyining teng yarim summasi kompensatsiya sifatida berilgan.

Biroq manguzarliklarning aytishicha, bu pul ularni qoniqtirmayapti. Ular kompensatsiya pulini to‘liq qo‘lga kiritishmoqchi. Hokimlik vakillari esa uy to‘liq buzilganidan so‘ng pulning qolgan qismi berilishini aytishgan (Kun.uz mazkur mahallada bo‘lib qaytgach, yana 30 million so‘mdan kompensatsiya tarqatilgani ma'lum bo‘ldi).

«Uyimiz 220 million so‘mga narxlangan, shundan 92 million so‘m berilgan. Qolgan pulni keyin beramiz deb aldashyapti. Yerni ham odamzod yashamaydigan joydan berishgan. Agar pulni to‘liq berishsa sharoit bor joydan yer olib uy qurardik. Lekin hozir boradigan joyimiz yo‘q», deydi murojaatchilardan biri.

«Nega aldashyapti bizni? Aldashmasin. Olaversin, faqat prezident farmoniga amal qilishsin», deya qo‘shimcha qiladi murojaatchi.

Fuqarolar uylari to‘liq buzilsa, hokimlik pulning qolgan qismini bermasdan sarson qilishidan tahlikada. Ular ombudsmanga, bosh prokuraturaga va boshqa idoralarga murojaat qilib, o‘zlarini qiynayotgan masalasiga yechim topmayapti.

Odamlarning uyini buzish boshlangan. Ular tomlari buzib tashlangan uylarda istiqomat qilishda davom etishmoqda. Hokimlik esa ishlarni tezlashtirish uchun uylarga o‘tkazilgan gaz va suvni uzib tashlagan. Elektr ta'minotida ham uzilishlar kuzatilmoqda. Yuqorida ta'kidlanganidek, bu chora mutasaddilar tomonidan fuqarolarning o‘z uylarni tezroq tark etishlari uchun qo‘llanmoqda.

Biz termizlik mas'ullarni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006 yil №97-sonli qaror talablarini to‘liq bajarishga, davlat ehtiyojlari uchun buzilayotgan uylar va olinayotgan yer uchastkalari uchun kompensatsiya to‘liq hajmda to‘lanishini ta'minlashni manguzarliklar nomidan so‘rab qolamiz.

Shuhrat ShOKIRJONOV,

Kun.uz muxbiri

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Top