«Aqlli hisoblagichlar» elektr ta'minotini qanday yaxshilashi mumkin?
EEHO va NQAT (Elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimi) iste'molchilarni elektr energiyasi bilan ta'minlash sifatiga qanday ta'sir ko‘rsatadi? Mamlakat bo‘ylab o‘rnatilayotgan bunday «aqlli hisoblagichlar»ning afzalligi nimada?
Joriy yilning 15 iyul kuni «Yuksalish» umummilliy harakatining kovorking-markazida bo‘lib o‘tgan brifing shu kabi savollar asosida tashkil etildi, deb xabar bermoqda O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi matbuot xizmati.
O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi tashabbusi bilan o‘tkazilgan ushbu tadbirda ommaviy axborot vositalari xodimlari qatnashdi. Jurnalistlarning savollariga Energetika vazirining o‘rinbosari Sherzod Xo‘jayev, «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ moliyaviy masalalar bo‘yicha direktor o‘rinbosari Davronbek Imomov va boshqa mas'ul shaxslar javob berdi.
Unda jurnalistlar tomonidan berilgan savollar, xususan, butun respublikani «aqlli hisoblagich»lar bilan to‘liq qamrab olish muddati, elektr energiyasi iste'molidan qarzi bo‘lgan qarzdorlarni tarmoqdan uzib qo‘yish va qayta ulash tartiblari, o‘zbekistonliklarning onlayn to‘lovga ko‘nikishlari qanday bo‘lishi hamda bugungi kunda ayrim TET (tuman elektr tarmoqlari)da kuzatilayotgan navbatlar va boshqa masalalar muhokamasiga asosiy e'tibor qaratildi.
Energetika vazirligi, «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ rahbariyati a'zolari bilan bo‘lgan muloqot chog‘ida EEHO va NQAT tizimini joriy etishdan ko‘zlangan maqsad misollar asosida tushuntirilar ekan, bunda statistik ma'lumotlar tahlili, uning yaqin vaqt va uzoq istiqbolga mo‘ljallangan foydali jihatlari tafsilotiga keng urg‘u berildi.
Jumladan, butun mamlakat bo‘ylab EEHO va NQAT tizimi joriy etilganidan so‘ng iste'molchilarning bugungi kundagidek hisoblagich ko‘rsatkichlarini qayd etib borishlariga, Majburiy ijro bo‘limi xodimlari tomonidan tekshiruv o‘tkazish ishlariga hojat qolmaydi. Barcha ma'lumotlar tizimning o‘zida jamlanadi.
EEHO va NQAT tizimining joriy etilishi o‘lchov jarayonida inson omili aralashuvini cheklashning zaruriy sharti bo‘lib, ma'lumotlarni to‘plash va qayta ishlash, shuningdek, ularning haqqoniyligi, aniqligini ta'minlashga, ta'minotchi va iste'molchi tomonidan elektr energiyasi iste'moli miqdorini tezkor hisobga olishga imkoniyat yaratadi.
Energetika vaziri o‘rinbosari Sherzod Xo‘jayev ta'kidlaganidek, bir qator elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilish tizimlari orasidan uncha arzon bo‘lmagan (uning xarajatini qoplash muddati kamida 10 yil), biroq samaralisi tanlab olingan.
Gap shundaki, u nafaqat elektr energiyasi iste'molini nazorat qilib, o‘z vaqtida to‘lov amalga oshirilishini ta'minlaydi, shu bilan birga, tekshiruv asbobi vazifasini ham bajaradi. Ya'ni, tarmoqdagi mavjud nosozliklarni ko‘rsatib, ular muammoga olib kelmasidan avval aniqlaydi va o‘z vaqtida bartaraf etilishini ta'minlashga imkon beradi.
Davronbek Imomovning ta'kidlashicha, 2020 yilning oxirigacha 7 milliondan ziyod bo‘lgan mamlakatdagi barcha iste'molchilarni EEHO va NQAT tizimiga ulash kerak. Bu O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2019 yil 9 iyundagi «Aholi va iqtisodiyotni energiya resurslari bilan barqaror ta'minlash, neft-gaz tarmog‘ini moliyaviy sog‘lomlashtirish va uning boshqaruv tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorida ham belgilab qo‘yilgan.
Ayni paytda mamlakatning 24 shahar va tumanida elektr energiyasi iste'molini hisobga oladigan 950 mingga yaqin zamonaviy hisoblagich o‘rnatildi. 2019 yilning oxiriga qadar bu raqam 2,5 millionga yetishi kerak.
Mavzuga oid
20:55 / 02.11.2024
O‘zbekistonda elektr energiyasi va metan gazi olish uchun 8 ta chiqindi yoqish zavodi, 1 ta chiqindi poligoni quriladi
21:29 / 29.10.2024
Jizzaxda 8,6 mlrd so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalangan “metan zapravka” aniqlandi
00:36 / 19.10.2024
Kuba elektr energiyasidan butkul uzilib qoldi
23:32 / 18.10.2024