Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Sherzod Shermatov: «Bizning vazirligimiz nomlanishida «xalq» so‘zi bo‘lgan yagona vazirlik hisoblanadi»
O‘zbekiston xalq ta'limi vaziri Sherzod Shermatov ta'lim tizimidagi yillar davomida yig‘ilib qolgan barcha muammolarni hal qilish uchun bir necha yil kerak bo‘lishini bildirdi. U bu haqda jurnalist Kirill Altmanga bergan intervyusida aytib o‘tdi.
“Bizning vazirligimiz nomlanishida “xalq” so‘zi bo‘lgan yagona vazirlik hisoblanadi – Xalq ta'limi vazirligi. Bu maktab ta'limi vazirligi yoki bolalarni o‘qitish vazirligi emas, Xalq ta'limi vazirligidir.
Biz 6 million nafar bola bilan birgalikda ularning ota-onalari bilan ham ishlashimizga to‘g‘ri keladi. Tadqiqotlardan ma'lum bo‘lishicha, bolalarning o‘zlashtirishiga ikkita asosiy omil ta'sir ko‘rsatadi – birinchisi o‘qituvchi bo‘lsa, ota-onalar va uydagi muhit 50 foiz ta'sir ko‘rsatadi.
Shu bois ta'lim sifatini yaxshilashni istasak, biz ota-onalar, umuman olganda, aholi bilan ishlashimiz shart. Ularning qo‘llab-quvvatlovisiz muvaffaqiyatga erishishning imkoni yo‘q”, - dedi xalq ta'limi vaziri.
Shermatovning fikricha, keyingi 25 yilda juda ko‘p narsa yo‘qotildi.
“Prezidentimizning Senat majlisida “Biz uzoq vaqt davomida bila turib, ongli ravishda odamlarimizni ongsiz qilishga urindik” deya aytgan so‘zlari juda og‘ir eshitilsa-da, vaziyatni tahlil qiladigan bo‘lsak, ayni haqiqat.
O‘zbekiston MDH davlatlari orasida oliy ta'lim muassasalariga kirishning 90-yillar boshidagi kvotalarini saqlab qolgan yagona mamlakat bo‘ldi. Ya'ni oliy ta'lim uchun 60 ming kvota ajratilgan, ammo aholi soni o‘sishi bilan abituriyentlar soni oshib borgan. Mos ravishda mustaqillikning dastlabki yillarida bir o‘ringa bir yarim-ikkita abituriyent to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, oxirgi yillarda 10-12 abituriyent to‘g‘ri kelgan. Bularning bari ta'limga ta'sir ko‘rsatgan, bu yerda oliy ta'lim haqida gapiryapman, ya'ni oliy ta'lim maktab ta'limi uchun yaxshi mutaxassislar yetishib chiqishi uchun kerak.
Maktab ta'limi bilan ham shunday holat yuz berdi. Pedagoglar orasida shunday hazil gap bo‘lardi: agarda bizni dars o‘tishdan ozod qilishsa, qolgan barcha topshiriqlarni bekam-u ko‘st bajaramiz. Paxta terishmi, ko‘cha tozalashmi, har qanday ishni qilamiz, faqat bolalar xalaqit berishyapti.
Bunday muhitda qanday qilib ta'lim sifatini ta'minlash haqida o‘ylash mumkin? Natija esa ayon: shunchaki ko‘chaga chiqing, yozuvlar xatolarga to‘lib yotibdi. Statistika bo‘yicha bizda savodlilik 99 foiz deymiz, ammo bu haqiqatga qanchalik mos keladi? Umuman olganda, zamonaviy dunyoda savodlilik so‘zi butunlay boshqa narsani anglatadi. O‘tgan davr davomida ko‘plab muammolar to‘planib qolgan bo‘lib, ularni bir yil ichida hal qilib bo‘lmaydi.
Prezidentimiz Senat majlisida aytib o‘tganidek, bir necha yillar davomida yig‘ilib qolgan bu barcha muammolarni yechish uchun kamida besh-olti yil talab qilinadi”, - dedi u.
Mavzuga oid
20:23 / 12.02.2026
“15 mln kishining ma’lumoti sotuvda turgani yo‘q” - Sherzod Shermatov
11:02 / 12.02.2026
Kiberhujumda 60 mingtaga yaqin shaxsiy ma’lumot tarqalgan – Sherzod Shermatov
17:42 / 08.07.2025
UzIMEI bo‘yicha vazir Shermatovga senator so‘rovi yuborildi
14:40 / 24.10.2024