Italiya chempioni niderlandiyalik markaziy himoyachi Matteys de Ligt transferini e'lon qildi. Bu futbolchi uchun turinliklar «Ayaks»ga bonuslar bilan birga 85,5 million yevro to‘laydi. Ushbu 19 yoshli futbolchi 16 iyul kuni kechasi futbolchi Turinga uchib keldi va 17 iyul kuni yangi jamoasi uchun tibbiy ko‘rikdan o‘tdi. 18 iyul kuni yangi klubi bilan 5 yillik shartnomaga imzo chekdi.

Iguain yuki

Bir yil muqaddam Chempionlar ligasi g‘olibligi orzusidagi «Yuventus» bosslari nihoyat bu borada qat'iy qadam tashlashdi va Krishtianu Ronaldu transferi uchun katta mablag‘ sarflashdi (117 million yevro). Lekin ular shuni hisobga olishmagandiki, «Oltin to‘p»ning 5 karra g‘olibi qanchalik mohir bo‘lmasin, sehrgar emasdi. Qirolga mulozimlar kerak bo‘ladi, jamoaning o‘sha vaqtdagi tarkibi esa jiddiy qayta qurishlarga muhtoj edi va bu ish uchun shunchaki yulduzlarni sotib olish bilan kifoya emasdi. Shu bilan birgalikda, bu jarayonda moliyaviy feyr-pleyga rioya qilish zarurati yuzaga kelardi va jamoa klassik markaziy forvardi Gonsalo Iguain xizmatlaridan voz kechishga majbur bo‘lgandi. Argentinalik hujumchi bundan qattiq ranjigandi. U «Milan»da yosh Kutronedan yaxshiroq o‘ynay olmadi va milanliklar A Seriya kashfiyoti Pyontekka ishonch bildirishdi. «Chelsi»ga, sevimli murabbiy Maurisio Sarri yoniga borish ham vaziyatni o‘zgartirmadi. Muvaffaqiyatsiz mavsumdan keyin unga hech kim ishonch bildirmayapti, ammo uning o‘zi hech qayerga ketmayapti. U «Vest Hem»da ijara asosida o‘ynashga rozi bo‘lmadi, endilikda uni Djyekoni sotishi mumkin bo‘lgan «Roma»ga sotish varianti ustida ishlashmoqda. Xabarlarga ko‘ra, Turindagilar yoshi o‘tib qolgan tajribali hujumchidan ko‘ra vunderkind Kinga ishonch bildirishmoqda.

Yangi yarimhimoya chizig‘i va himoyada top darajadagi futbolchi

Lekin bu muammo – turinliklarning musaffo osmonidagi shunchaki bulutcha. Klub ikkita asosiy vazifani uddaladi. Maydon markazi yangilandi. Aytishlaricha, Sarri Londondan o‘zining sevimli futbolchisi Jorjinoni olib kelmoqchi bo‘lgandi. Bu mavzuni hozir ham eslab turishibdi, ammo «Chelsi» yangi futbolchilarni safga qabul qilish imkoniyatidan mahrum bo‘lgach, italiyalik mutaxassis sobiq klubiga yomonlik qilib o‘tirmadi. Qolaversa, «Yuventus»da Pyanich bor, bosniyalik futbolchining atrofidagilar esa o‘zgarmoqda. Matyuidi va Xediraning yoshi o‘tib bormoqda. Germaniyalik futbolchi jarohatlar tufayli oxirgi mavsumda barqaror o‘yin ko‘rsata olmadi, bu chiziqni to‘ldirish uchun kelgan Remsi va Rabo mashg‘ulotlar lagerida ter to‘kishni boshlashdi.

Albatta, barcha britaniyaliklar bilan bo‘lgani kabi uelslik futbolchida ham oroldan tashqarida faoliyat yuritish oson bo‘lmasligi mumkin, fransiyalik futbolchida ham yarim yil maydondan tashqarida bo‘lish asorati bo‘y ko‘rsatishi tayin. Ammo ular hali yosh va ularning darajasi ehtimoliy muammolarni yengib o‘tish uchun yetarlidir. Qolaversa, Remsini «Yuventus» afsonalaridan biri bo‘lgan Jon Charlz ilhomlantirishi ham mumkin.