«Bavariya» bu yil yozda Yevropada transferlar uchun eng ko‘p pul sarflagan klublardan biri bo‘lib turibdi. Mavsumlar oralig‘ida nemis klubi yangi futbolchilar uchun 120,5 million yevro xarajat qildi, bu «Manchester Siti», «Barselona», «Chelsi», «PSJ» va «Real»nikidan ko‘proq.

Bild nashri talqiniga ko‘ra, hozirgacha eng ko‘p pul sarflagan klublar uchligi quyidagicha:

  1. «Arsenal» – 127,06 mln yevro (Gabriel Jyezus – 52,2 mln yevro, Fabiu Viyeyra – 35 mln yevro, Aleksandr Zinchenko – 30 mln yevro, Mett Tyorner – 6,36 mln yevro, Markinos Oliveyra – 3,5 mln yevro).
  2. «Bavariya» – 120,5 mln yevro (Matteys de Ligt – 70 mln, Sadio Mane – 32 mln, Rayan Gravenberx – 18,5 mln yevro)
  3. «Manchester Siti» – 108,75 mln yevro (Erling Holand – 60 mln yevro, Kalvin Fillips – 48,75 mln yevro)

Keyingi o‘rinlarda «Barselona» (103 mln yevro), «Chelsi» (94,2 mln yevro), «Borussiya Dortmund» (86 mln yevro), «Liverpul» (85,8 mln yevro), «Real» (80 mln yevro), «PSJ» (79,5 mln yevro) va «Manchester Yunayted» (72,37 mln yevro) bormoqda.

«Bavariya» nafaqat xarajat, balki sifat jihatidan ham boshqalardan oldinda boryapti. Bundan tashqari, nemislar hali transfer bozorida ishni tugatmagan.

Matteys de Ligt  mustahkam himoya varianti

Himoyachi Matteys de Ligt – «Bavariya»ning asosiy xaridi. U nemis klubi bilan 2027 yilgacha shartnoma imzoladi. Transfer summasi 67 mln yevro bo‘ldi. Myunxen klubi bu summani to‘rt yil davomida to‘lab beradi. Klublar o‘rtasidagi kelishuvda 10 mln yevro miqdorida bonuslar ham ko‘zda tutilgan.

«Bavariya» de Ligtning narxini tushirishga muvaffaq bo‘ldi. Dastlab «Yuventus» kamida 75 mln yevro va bonuslar talab qilgandi. Futbolchi nemislarga juda qimmatga tushdi, ammo ortiqcha to‘lov miqdori juda katta bo‘ldi deyishga asos yo‘q. Hali ham katta salohiyatga ega 22 yoshli himoyachi uchun maqbul narx.

De Ligt «Bavariya» safida o‘rtoqlik uchrashuvida ilk golini urishga ulgurdi.
Foto: TIM NWACHUKWU/GETTY IMAGES

«Yuve»da Matteysning ishi yurishmadi. Niderlandiyalik futbolchi 2019 yilda Turinga emas, balki «Ayaks»dan «Bavariya»ga o‘tmoqchi bo‘lganini tan olgan edi. De Ligtning orzusi amalga oshdi – endi u Myunxenda. Bundan buyog‘iga futbol maydonida o‘z salohiyatini isbotlashi kerak. Matteys yomon boshlamadi. «Di-Ci Yunayted»ga (6:2) qarshi o‘rtoqlik o‘yinida gol urdi.