Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “Toshkent viloyatining Toshkent, Zangiota va Chinoz tumanlarida bo‘sh turgan yer maydonlaridan samarali foydalanish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.
Hujjat bilan Toshkent viloyati Toshkent va Zangiota tumanlarida qishloq xo‘jaligida foydalanilmaydigan, bo‘sh turgan yer maydonlarida sanoatni rivojlantirish bo‘yicha investitsiya loyihalarining manzilli ro‘yxati tasdiqlanadi.
Toshkent viloyati hokimligi, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasining quyidagi takliflariga rozilik berilishi mumkin:
Toshkent viloyati Toshkent tumanidagi qishloq xo‘jaligi yerlarini sanoat maqsadlariga mo‘ljallangan yerlar toifasiga o‘tkazish;
Toshkent viloyati Toshkent tumanida bo‘sh turgan, foydalanilmayotgan yer maydonlarida kichik sanoat zonalarini tashkil qilish;
Toshkent viloyati Toshkent Zangiota va Chinoz tumani hokimligi zaxirasidagi yer uchastkalari hamda manzilli dasturni amalga oshirish uchun ajratiladigan yer uchastkalari istisno tariqasida auksionsiz, tuman hokimlari hokimlarining qarori bilan, yer uchastkalarini elektron auksion orqali sotish uchun belgilangan boshlang‘ich qiymat miqdorini ikki yil davomida har chorakda mutanosib ravishda bo‘lib to‘lanishi sharti asosida loyiha tashabbuskorlariga biriktirib berish;
tushgan mablag‘lar “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlarini moliyalashtirish uchun to‘liq yo‘naltirish.
Toshkent viloyati hokimligi:
davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, tijorat banklari va loyiha tashabbuskorlari bilan birgalikda manzilli ro‘yxatga kiritilgan investitsiya loyihalarining amalga oshirilishi bo‘yicha loyiha hujjatlarini ishlab chiqish va ekspertizadan o‘tkazish, qurilish-montaj ishlarini bajarish, zamonaviy texnologik asbob-uskunalar bilan butlash va loyihalarni foydalanishga topshirishning aniq muddatlari ko‘rsatilgan tarmoq jadvallarini ishlab chiqib tasdiqlaydi;
tegishli davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari va loyiha tashabbuskorlari bilan birgalikda manzilli ro‘yxatga kiritilgan investitsiya loyihalarining o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirilishini, mo‘ljallangan ishlab chiqarish hajmlariga erishilishini, mablag‘larni samarali va to‘liq o‘zlashtirilishini hamda yangi ish o‘rinlari tashkil etilishini ta'minlaydi;















