O‘zbekiston Respublikasi oliy ta'lim muassasalari rektorlari va Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vaziri O‘zbekiston xalqiga murojaat qilishdi. Ushbu murojaatga ko‘ra, Oliy ta'lim sohasi vakillari pora olmaslikka qasamyod qilishgan.

«Bundan bir asr muqaddam ona yurtimiz Turkiston o‘lkasi taqdiri ziyolilarimizning hayot-mamot masalasiga aylangan paytda buyuk ma'rifatparvar olim Abdurauf Fitrat “Har bir mamlakatning tolesi va taraqqiyoti yoshlarga qanday ta'lim va tarbiya berilishiga har tomonlama bog‘liqdir”, degan ezgu shiorni o‘rtaga tashlagan edi.

O‘tgan og‘ir va mashaqqatli yillar buyuk kelajakni har tomonlama yetuk va yuksak malakaga ega mutaxassis kadrlar tayyorlamasdan qurish mumkin emasligini tasdiqladi.

Shu bois, mamlakatimizda sog‘lom va har qanday illatlardan xoli bo‘lgan ta'lim-tarbiya muhitini shakllantirish bugun har birimizning muhim va ustuvor vazifamiz bo‘lmog‘i lozim.

Bu yo‘lda  to‘siq bo‘layotgan muammolarni bartaraf etish, ta'lim tizimi sofligi va shaffofligini ta'minlash, ayniqsa, uning obro‘siga putur yetkazayotgan korrupsiyani bartaraf etish kechiktirib bo‘lmaydigan vazifamiz hisoblanadi.

Ma'lumki, Sharqda o‘qituvchi, ustoz hamisha donishmandlik, axloqiy poklik, halollik ramzi bo‘lib kelgan. Taassufki, ayrim tamagir, ta'limga tasodifan kirib qolgan, o‘z manfaatini xalq manfaatidan ustun qo‘yadigan kimsalar tufayli ta'lim muassasalari xalq nazarida ma'lum darajada obro‘sizlandi.

Ilmni har doim hamma narsadan ustun qo‘yib kelgan, nopok ishlardan hazar qilgan, ma'naviyati va madaniyati yuksak bo‘lgan o‘zbek xalqi uchun korrupsiya mutlaqo yarashmaydigan illatdir.

Ayniqsa, endigina hayot yo‘llarida qadam tashlayotgan, beg‘ubor qalbi, musaffo ko‘zlari-la o‘z kelajagiga ishonch bilan boqib turgan yosh yigit-qizlarni korrupsiya domiga tortish bu – eng mudhish jinoyat sanaladi.

Shu bois, O‘zbekistonda taraqqiyotimizning yangi bosqichida bu illatga qarshi kurashning eng samarali usullarini mujassam etgan kompleks yondashuvga Davlatimiz rahbari tomonidan asos solinganini alohida e'tirof etish zarur.

Ayniqsa, 2017–2021 yillarda O‘zbekistonni rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi o‘zining tub mohiyati bilan aynan korrupsiyani tag-tomiri bilan yo‘q qilishga qaratilgan tarixiy hujjat bo‘ldi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 27 maydagi “O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonida ta'lim sohasini “korrupsiyasiz soha”ga aylantirish g‘oyat dolzarb vazifa etib belgilandi.