Markaziy bank: 2019 yilning I yarim yilligida iste'mol narxlari oshishi 5,6 foizni tashkil etdi
Joriy yilning I yarim yilligida iste'mol narxlari oshishi 5,6 foizni tashkil etib, 2018 yilning mos davridagi ko‘rsatkichdan 0,6 foiz bandga past bo‘ldi. Bu haqda Markaziy bank xabar qilmoqda.
“Inflatsiya asosan oziq-ovqat tovarlari va xizmatlarning bozor narxlari oshishi ta'sirida shakllangan bo‘lsa, ma'muriy tartibga solinadigan xizmatlar tariflari va nooziq-ovqat tovarlari narxlarining yuqori darajada oshmaganligi inflatsiyaning keskin o‘sishining oldini oldi. Shu bilan birga, energiya resurslari tariflari oshirilishining oldin e'lon qilingan muddatga nisbatan keyinga qoldirilishi ham mazkur davrda inflatsiya darajasining kutilgandan past darajada shakllanishiga xizmat qildi”, - deyiladi MB xabarida.
Yillik hisobda inflatsiya darajasi 13,6 foizni tashkil etib, bazaviy prognoz koridorining quyi chegarasiga yaqin darajada saqlanib qoldi. Bunda, yillik inflatsiya darajasi oxirgi 5 oy davomida 13,5-13,7 foiz oralig‘ida saqlanib qoldi.
Iqtisodiyotda ishlab chiqarish hajmlariga nisbatan kreditlar ajratish va davlat xarajatlarining yuqoriroq sur'atlarda o‘sishi hisobiga ichki narxlarga yalpi talab tomonidan bosimning ortishi, aholi daromadlari ko‘payishi hamda ishlab chiqarish xarajatlarining oshishi ma'lum darajada inflatsiya darajasini pasaytirish vazifasini qiyinlashtirmoqda.
Oziq-ovqat inflatsiyasi meva va sabzavot mahsulotlari narxlari o‘zgarishini hisobga olmaganda aprel oyida o‘zining eng yuqori darajasiga yetdi. Bunga narxlarning soliq tizimidagi o‘zgarishlar hamda ishlab chiqarish xarajatlarining oshishiga moslashishi sabab bo‘ldi. Ushbu omillar ta'sirining sekin-asta kamayishi joriy yilning may-iyun oylarida mazkur mahsulotlar narxlari dinamikasining pasayishida o‘z aksini topdi.
Ayrim turdagi meva va sabzavotlar narxlarining o‘tgan davrda past bo‘lganligi hisobiga 2019 yilning II choragida ular narxlarining o‘sish sur'ati tezlashib, yillik inflatsiyaga oshiruvchi ta'sir ko‘rsatdi. Taqqoslash uchun, 2018 yil II choragida meva va sabzavot mahsulotlari narxlari 18,7 foizga pasaygan bo‘lsa, joriy yilning II choragida 8,1 foizga kamaydi.
Mazkur davrda aholi va tadbirkorlik sub'yektlarining inflyatsion kutilmalari, umuman olganda, pasayuvchi dinamikani namoyish etdi. Yuridik shaxslarning inflyatsion kutilmalarida barqaror pasayish trendi kuzatilgan bo‘lsa, ayni vaqtda, jismoniy shaxslar kutilmalarida 2019 yil yanvar-aprel oylaridagi pasayishdan so‘ng, oxirgi ikki oyda o‘sish kuzatildi.
Mavzuga oid
07:31 / 12.11.2024
Oktyabrda ayrim avtomobillar narxi biroz pasaydi
11:56 / 11.11.2024
Turkiy davlatlar tashkiloti Markaziy banklari kengashi tashkil etiladi
18:34 / 08.11.2024
Markaziy bank 7 ta bank va 2 ta mikromoliya tashkilotini jarimaga tortdi
23:10 / 07.11.2024