Oʻzbekiston Markaziy banki boshqaruvi 16-sentabr kungi yigʻilishida asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida saqlab qolish toʻgʻrisida qaror qabul qildi.
Regulyatorning qayd etishicha, inflyatsiyaning pasayish tendensiyasi davom etayotgan va iqtisodiyotda ayrim muvozanatlashuv belgilari kuzatilayotgan boʻlsada, inflyatsiyani oshiruvchi ayrim xatarlarning saqlanib qolayotgani joriy qatʼiy pul-kredit sharoitlarini davom ettirishni taqozo etyapti.
Markaziy bank press-relizi
Avgust oyida umumiy inflyatsiya 6,2 foizgacha sekinlashib, pasayish tendensiyasini davom ettirdi. Bazaviy inflyatsiya 5,5 foiz doirasida shakllandi.
Shu bilan birga, narxlari yillik 5 foizdan yuqori oshayotgan tovar va xizmatlar ulushining ortishi iqtisodiyotda barqaror xususiyatga ega boʻlgan narx bosimlari hali ham saqlanib qolayotganini koʻrsatmoqda.
Aholi va tadbirkorlik subyektlarining inflyatsion kutilmalari ham pasayishda davom etdi. Bunda inflyatsion kutilmalarning pasayish dinamikasi umumiy inflyatsiya sekinlashuviga nisbatan pastroq boʻlib, narx belgilash jarayonlarida maʼlum darajada inflyatsion inersiya taʼsiri davom etmoqda.
Ichki talab va iqtisodiy faollik
Chakana savdo, xizmatlar sohasi va investitsiyalar dinamikasidagi ijobiy tendensiyalar isteʼmol hamda investitsion talabning faolligini koʻrsatmoqda. Shu bilan birga, soʻnggi oylarda yalpi talabning ayrim tarkibiy qismlarida barqarorlashuv belgilari namoyon boʻla boshladi.
Xususan, joriy pul-kredit sharoitlari taʼsirida iqtisodiyotga ajratilayotgan kreditlarning oʻsish surʼatlari bosqichma-bosqich maqbullashib bormoqda. Bunda, ijobiy real foiz stavkalari aholining jamgʻarishga boʻlgan moyilligini qoʻllab-quvvatlamoqda.
Tashqi inflyatsion xatarlar
Jahon xomashyo, oziq-ovqat va energiya bozorlaridagi narxlarning yuqori darajada boʻlishi oʻrta muddatli istiqbolda import narxlari hamda transport va logistika xarajatlari orqali ichki inflyatsiyaga bosimlarni saqlab qoladi.
Tashqi narx shoklarining ichki inflyatsiyaga ikkilamchi taʼsiri koʻlami koʻp jihatdan ichki talab dinamikasiga va koʻriladigan tarkibiy choralarga bogʻliq boʻladi.

















