Oʻzbekistonning oltin-valyuta zaxiralari 2026-yil 1-sentabr holatiga koʻra 72,1 mlrd dollarga yetdi. Bu mamlakat importini bir yildan ortiq muddatga qoplaydi. 18-sentabr kuni Toshkentda oʻtgan Davlat aktivlarini boshqarish boʻyicha xalqaro forumda Markaziy bank (MB) raisi bank zaxiralarni aktivlar turi, valyuta va kontragentlar boʻyicha diversifikatsiya qilishni davom ettirishini aytdi. Uning soʻzlariga koʻra, diversifikatsiya yoʻnalishlardan biri – aktivlarning bir qismini tashqi boshqaruvga berishdir. Markaziy bank bunday amaliyotning ustuvorliklarini aniq tartibda belgilagan: avval xavfsizlik, keyin likvidlik, soʻngra daromadlilik. Ammo tashqi boshqaruv hajmi, qaysi aktivlarga taalluqli boʻlishi va qaysi kompaniyalar jalb qilinishi hali eʼlon qilinmagan.

Shundan kelib chiqsak, muhim savol tugʻiladi: MB valyuta zaxiralarining bir qismini xorijiy aktiv boshqaruvchi kompaniyalarga ishonib topshirishi kerakmi? Bu savol uchta masalani qamrab oladi:

•    Zaxiralarning tashqi boshqaruvi MBga qanday afzalliklar berishi mumkin?

•    Bu zaxiralarning xavfsizligi, likvidligi va monetar siyosatga qanday taʼsir qiladi?

•    Qanday xatarlar bor va qaysi sharoitda foyda xatardan ustun keladi?

Quyida ushbu masalalarni tahlil qilamiz.

Nega tashqi boshqaruv haqida gap ketmoqda?

Avvalo zaxiralar nimadan iboratligiga eʼtibor qaratish lozim. 1-sentabr holatiga 72,1 mlrd dollarlik zaxiraning 64,9 mlrd dollari, yaʼni qariyb 90 foizi – oltin. Valyuta aktivlari esa atigi 6,6 mlrd dollar, bu 2013-yildan beri eng past koʻrsatkich. Ularning 1,8 mlrd dollari qimmatli qogʻozlarda.

Oʻzbekiston xalqaro zaxiralari tarkibi, mlrd dollar. Manba: Markaziy bank maʼlumotlari.

Oltin ulushi 2020-yildagi 58 foizdan 90 foizga koʻtarildi. Bu oltin narxining keskin oʻsishi va MBning oltin sotib olishi natijasidir. Shu bois MB zaxiralarni diversifikatsiya qilish, yaʼni bir aktivga bogʻliqlikni kamaytirish haqida gapirmoqda.

Xalqaro amaliyotda markaziy banklarning aksariyati zaxiralarining bir qismini tashqi boshqaruvchilarga beradi. Jahon bankining Central Bank Reserve Management Practices: Insights into Public Asset Management hisobotiga koʻra, soʻrovda qatnashgan markaziy banklarning 75 foizi kamida bitta tashqi boshqaruvchidan foydalanadi. Shu bilan birga, tashqi boshqaruvga beriladigan zaxiralar ulushi odatda kichik: soʻrovnomada qatnashgan