O‘zbekiston ta'lim, fan va madaniyat xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi vakillari Namangan viloyati Chust tumanidagi 9-umumta'lim maktabi o‘qituvchilari ta'tilda bo‘lishlariga qaramay majburiy mehnatga jalb qilinayotgani haqidagi ma'lumotni to‘liq o‘rganishdi.
Kun.uz saytida mazkur mavzuda «Chustdagi maktab muallimalari qurilish ishlarida javlon urishmoqda. «O‘z xohishi» bilan...» sarlavhali maqola e'lon qilingan, bu mavzu ijtimoiy tarmoqda keng munozara qilingan, «Sevimli TV» muxbiri ham holat yuzasidan jurnalistik surishtiruv o‘tkazib, aslida maktabda o‘qituvchilar majburiy mehnatga jalb etilmagani va bu haqdagi xabarlar yolg‘onligi aytilgan videolavha tayyorlagandi.
Kasaba uyushmasi tomonidan tashkil etilgan o‘rganish jarayonida Namangan viloyati, Chust tumani xalq ta'limi bo‘limi mudiri Shavkatbek Yo‘ldoshev hamda 9-maktabning bir guruh o‘qituvchilari bilan suhbat o‘tkazilgan. Pedagoglar suhbat davomida shu yilning aprel-iyul oylarida 9-maktabda boshlangan qurilish ishlariga navbatma-navbat jalb qilinganliklarini so‘zlab berishgan.
Ta'lim muassasasidagi barcha o‘qituvchilar iyun oyidan qonuniy, buyruq asosida mehnat ta'tiliga chiqqan bo‘lishlariga qaramay, qurilish ishlarida qum va g‘isht tashishga, maktab hududi va uning atrofini tozalashga majbur bo‘lishgan.
«Aprel oyidan buyon erkak o‘qituvchilar umuman dars o‘tmadi, chunki qurilishda ishlashdi. Ayol o‘qituvchilar esa sog‘ligi ko‘tarmagan holda mardikor olib kelishga majburlandi. Ishlayotgan erkak o‘qituvchilarga ovqat pulini ham yig‘ib berdik. Buning orqasidan oilada turli muammolarga duch kelyapmiz. Kelmaylik desak, direktor «Sentyabrdan senga dars yo‘q. O‘rningga boshqasini olaman!», deb dag‘dag‘a qiladi. Deyarli to‘rt oydan buyon bosim ostida har shanba-yakshanba kunlari qurilishda ishlab, oxiri jurnalistlarga murojaat qilishdan boshqa ilojimiz qolmadi. Aytinglar, qaysi zamonda yashayapmiz o‘zi?», deydi o‘qituvchilar kasaba uyushmasi bosh mutaxassisi Lazokat Turikova bilan suhbat vaqtida.
Muallimalar maktabda muhit yaxshi emasligini, direktor tomonidan qonunlar muntazam ravishda buzilishini, doimiy tahdid ostida ishlashlari, qurilish ishlariga hatto sog‘ligi yomon bo‘lganlar ham majburlanganini bildirishgan.

















