O‘FA prezidenti Abdusalom Azizov assotsiatsiya rahbariyati, boshqarma va bo‘limlar rahbarlari bilan yig‘ilish o‘tkazdi. Unda O‘zbekiston futbolidagi mavjud muammolar hamda tashkilotning yaqin kelajakdagi rejalari muhokama qilindi, deb xabar bermoqda O‘FA rasmiy sayti.

Dastlab viloyat futbol assotsiatsiyalarining bugungi faoliyati ko‘rib chiqildi. Bu tizimdagi muammolarni bartaraf etish choralari, assotsiatsiyalarni moddiy qo‘llab-quvvatlash, kadrlar malakasini ko‘rib chiqish, mahalliy hokimliklar bilan hamjihatlikda viloyatlarda futbolni rivojlantirish borasida ko‘rsatmalar berildi.

O‘FA rahbarining asosiy talablaridan biri futboldagi adolat va halol o‘yin prinsiplariga to‘liq rioya qilishni ta'minlash. Kelishilgan o‘yinlar hamda totalizatorga qarshi kurashish borasida huquqni muhofaza qilish organlari bilan yaqindan hamkorlik qilgan holda, bu nopok yo‘l bilan futbolimizni orqaga tortayotganlar, muxlislarning qiziqishini so‘ndirayotganlar aniqlanadi va tegishli jazoga tortiladi.

Yaqin muddat ichida O‘zbekiston milliy terma jamoasi, olimpiya va yosh toifasidagi terma jamoalarimiz saralash turnirlariga kirishadilar. O‘FA prezidenti terma jamoalarimizning ish rejalari bilan yaqindan tanishdi.

Shu asnoda milliy terma jamoamizning yaqin vaqt ichida o‘tkazadigan o‘yinlari uchun “Milliy” stadion maydoni hali talab darajasida emasligi e'tirof etildi. Yil oxirigacha stadion chimini tartibga keltirish vazifasi qo‘yildi. Unga qadar terma jamoalar boshqa stadionlarda ham uchrashuvlar o‘tkazishi taklifi berildi.

O‘zbek futbolining mavqeyini xalqaro maydonda mustahkamlashda FIFA va OFK bilan yaqindan hamkorlik qilish, ushbu tashkilotlarning, qolaversa, muxlislarning ishonchini qaytarish juda muhim ekani ham alohida ta'kidlandi. Abdusalom Azizov xalqaro hamkorlar bilan munosabatlar va kelajakdagi o‘zaro loyihalarni to‘liq qo‘llab-quvvatlashi haqida aytib o‘tdi.

Shuningdek, O‘FA prezidenti tomonidan bolalar futbolidagi ahvolni yaxshilash, ular uchun muntazam turnirlar tashkil etish kerakligi ta'kidlandi. O‘smir va yoshlarning katta futbolga o‘tish jarayonidagi muammolar, ularning professional futbolchi sifatida shakllanishi, milliy terma jamoaga munosib futbolchi bo‘lib yetishishi bo‘yicha mavjud kamchiliklarni bartaraf etish kerakligi aytib o‘tildi. Bu borada qit'amizning futboli jadal rivojlanayotgan mamlakatlari, xususan, Yaponiya, Qatar, Birlashgan Arab Amirliklari tajribalari yaqindan o‘rganib chiqiladi va mutaxassislarning tajriba almashinuvi yo‘lga qo‘yiladi.