Bir necha kunlardan keyin O‘zbekistondagi Oliy ta'lim muassasalariga kirish imtihonlari boshlanadi. Xo‘sh, bu yilgi test imtihonlari shaffofligi qay darajada, qanday ishlar amalga oshirildi, shuningdek, abituriyentlar uchun qulaylik va yangi imkoniyatlar nimalarda aks etadi?

Kun.uz’ning navbatdagi suhbatdoshi Davlat test markazi rahbari Majid Karimov shu va boshqa savollarga batafsil javob qaytardi.

- Joriy yilgi imtihonlar avvalgilariga qaraganda nimasi bilan farqlanadi? Abituriyentlar uchun yangiliklar nimalardan iborat?

- Eng katta yangilik 2019-2020 yilgi o‘quv yili uchun Oliy o‘quv yurtlariga kirish uchun hujjat topshirish jarayonida kuzatildi. Chunki abituriyentlar bu yil hujjat topshirishmadi, shunchaki ro‘yxatdan o‘tishdi.

Albatta, bu jarayonda ayrim kamchiliklar ko‘zga tashlandi. Biroq, ta'kidlash lozimki, ushbu yangilik ortidan bu yil bir milliondan ortiq abituriyent ro‘yxatdan o‘tdi. Bundan tashqari, ularga O‘zbekistonning istalgan hududidan, o‘zlari xohlagan oliygohga hujjat topshirish imkoniyati taqdim etildi.

Ikkinchi yangilik, abituriyentlar imtihonlarni iyul-avgust oylarida topshirishi belgilangan edi. Shu sababli, bu yilgi test imtihonlari 29 iyuldan boshlanadi. Eslatib o‘tish joizki, 20 iyuldan boshlab esa ruxsatnomalarni tarqatish jarayoni davom etmoqda. Bu jarayonning Davlat test markazi rasmiy sayti orqali ham amalga oshirilayotgani abituriyentlarga yana bir qulaylik bo‘ldi, jumladan, hozirga qadar to‘rt yuz mingdan ziyod abituriyent o‘z ruxsatnomalarini elektron tarzda olishdi.

Ushbu ruxsatnomalar abituriyentga uchta ta'lim muassasasiga hujjat topshirish imkonini beradi. Bu degani, yuqori ball to‘plagan abituriyent, albatta, o‘zi hujjat topshirgan uchta oliygohdan qaysidir biriga kiradi.

Bevosita test jarayonlariga keladigan bo‘lsak, joriy yil ham imtihon jarayonlarini shaffof tarzda tashkil qilishga bo‘lgan harakatlar yanada kuchaytiriladi.

Abituriyentlar sonining o‘sishi inobatga olinib, o‘tgan yilgiga nisbatan 12 ta qo‘shimcha, ya'ni jami bo‘lib 69 ta imtihon o‘tadigan bino hozirlandi. Mazkur binolarning har biriga kuzatuv kameralari, konditsionerlar, o‘rnatildi.