Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Adliya vazirligi yer uchastkalarini olib qo‘yishdagi kompensatsiya turlari sharti haqida eslatdi
O‘zbekistonda yer uchastkalarini olib qo‘yish kompensatsiyaning qator turlari berilishi sharti bilan amalga oshiriladi. Adliya vazirligi shu haqda eslatma bilan chiqdi.
Davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarining olib qo‘yilishi munosabati bilan fuqarolarga va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararlarni qoplash tartibi to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, yer uchastkalarini olib qo‘yish kompensatsiyaning quyidagi turlari berilishi sharti bilan amalga oshiriladi:
fuqarolarga uy-joy maydonining ijtimoiy normasidan kam bo‘lmagan boshqa teng qiymatli obod turar joyni mulk qilib berish va dov-daraxtlar qiymatini to‘lash;
buzilayotgan uylar, boshqa imoratlar, inshootlar va dov-daraxtlar qiymatini fuqarolarga to‘lash, shuningdek, yer uchastkasini olib qo‘yish munosabati bilan mulkdorlarga yetkazilgan zararlarni qoplash;
yer uchastkasini o‘zlashtirish davrida ikki yilgacha muddatga ijara shartnomasi asosida vaqtincha uy-joy berib, buzilayotgan uylar (kvartiralar), imoratlar, inshootlar va dov-daraxtlarning bozor qiymati to‘liq to‘langan hamda yer uchastkasini olib qo‘yish munosabati bilan mulkdorga yetkazilgan boshqa zararlarni qoplagan holda, fuqarolarga yakka tartibda uy-joy qurish uchun belgilangan norma doirasida yer uchastkasi berish;
davlat yoki jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkasi olib qo‘yilishi oqibatida yuridik shaxslarga avvalgisiga teng qiymatli mol-mulk berish yoki ko‘chmas mulkning bozor qiymatini va yetkazilgan zararlarni qoplash;
yer uchastkasi davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilishi oqibatida yetkazilgan zararlarni to‘laligicha qoplash;
fuqarolarga va yuridik shaxslarga tegishli buzilishi kerak bo‘lgan uylar, imoratlar va inshootlarni ko‘chirish va yangi joyda tiklash, shuningdek, yer uchastkasini olib qo‘yish munosabati bilan mulkdorga yetkazilgan zararlarni qoplash;
yangi joyda uylar, imoratlar qurish hamda ularni fuqarolar va yuridik shaxslarga mulk qilib berish, shuningdek, yer uchastkasini olib qo‘yish munosabati bilan mulkdorga yetkazilgan zararlarni qoplash.
Buziladigan uylar (kvartiralar), imoratlar, inshootlar, ko‘chiriladigan daraxtlar uchun to‘lov miqdori masalasini ko‘rib chiqish uchun tegishli tumanlar (shaharlar) hokimliklari tuman (shahar) hokimining o‘rinbosari boshchiligida hokimliklarning moliya va boshqa boshqarmalari (bo‘limlari) vakillaridan, yerlardan foydalanish va qo‘riqlashni nazorat qilish bo‘yicha davlat inspektori, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi, yer uchastkasi olib qo‘yilayotgan yer egasi (yerdan foydalanuvchi, ijarachi), o‘ziga yer uchastkasi ajratib berilayotgan korxona, muassasa yoki tashkilot vakilidan hamda hokimliklar xohishiga ko‘ra boshqa vakolatli organlar vakillaridan iborat tarkibda to‘lov miqdorini va kompensatsiya turini belgilash bo‘yicha komissiyalar tashkil qiladilar.
Uylar (kvartiralar), imoratlar va inshootlarni, shuningdek olib qo‘yilayotgan yer uchastkalaridagi ko‘p yillik dov-daraxtlarni baholash baholovchi tashkilotlar tomonidan ariza beruvchining mablag‘lari hisobiga amalga oshiriladi.
Baholash to‘g‘risidagi hisobot komissiyaga beriladi.
Fuqarolar tomonidan umrbod egalik qilish uchun meros qilib qoldirish huquqi bilan foydalaniladigan, kimoshdi savdosi asosida sotib olingan yer uchastkalari olib qo‘yilgan taqdirda ularga umrbod egalik qilish uchun meros qilib qoldirish huquqi bilan teng qiymatli yangi yer uchastkasi beriladi.
Mavzuga oid
19:22 / 14.06.2026
Ishlab chiqarilganiga 30 yildan oshgan avtomobillar egalari ekologik kompensatsiya to‘lashi mumkin
18:07 / 11.06.2026
Shaharsozlik renovatsiyasi to‘g‘risidagi qonun qabul qilindi
10:45 / 10.06.2026
Ayrim shaharlarda harbiy xizmatchilar uchun ijara kompensatsiyasi oshiriladi
19:00 / 28.04.2026