O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining ishchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 2 avgust kuni kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar tahliliga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi hamda unda ko‘tarilgan masalalardan kelib chiquvchi muhim vazifalar xususida so‘z yuritildi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, prezident raisligida joriy yil 23 iyulda bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida tadbirkorlar mulklarini kompensatsiya to‘lamasdan buzish va yer maydonlarini olib qo‘yishga mutlaqo yo‘l qo‘yilmasligi belgilangan edi. Davlat rahbari shu masalada bosh vazir o‘rinbosari rahbarligida Ishchi guruh tuzish, ular joylarga chiqqan holda tadbirkorlarga yetkazilgan zararni xatlovdan o‘tkazib, bu mablag‘larni bozor qiymati asosida to‘lab berish zarurligini ta'kidlagan edi.

Joriy yil 5 avgustdan bu boradagi ishlarni qat'iy tartib bilan, uch bosqichda tashkil etish belgilandi. Birinchi bosqichda hududiy hokimliklar buzilishiga zarurat tug‘ilgan joy bo‘yicha materiallar to‘plamini Vazirlar Mahkamasiga kiritadi. Ikkinchi bosqichda shaharsozlik talablari bo‘yicha Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari hamda moliyaviy hisob-kitoblar bo‘yicha Bosh vazir o‘rinbosari tomonidan xulosa tayyorlanadi. Uchinchi bosqichda mazkur xulosa ko‘rib chiqish va qaror qabul qilish uchun bosh vazirga kiritiladi.

Oliy Majlis quyi palatasi Kengashining tanqidiy-tahliliy ruhda o‘tgan yig‘ilishida parlament quyi palatasining ayrim deputatlari jonkuyarlik qilganini hisobga olmaganda, aksariyat deputatlari tadbirkorlar mulklarini kompensatsiya to‘lamasdan buzish va yer maydonlarini olib qo‘yish bilan bog‘liq noxush vaziyatlarga e'tibor bermagani qayd etib o‘tildi. Ayniqsa, deputatlik birlashmalari, qo‘mitalar ushbu dolzarb masalaga o‘zining qat'iy pozitsiyasini bildirmagani tanqid qilindi.

Bundan buyon bunday noxush holatga chek qo‘yish uchun parlamentning nazorat funksiyalaridan foydalanish, deputatlik hamda parlament nazoratini kuchaytirish lozimligi qayd etildi.

Shundan kelib chiqib, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi barcha qo‘mitalar, siyosiy partiyalar fraksiyalari hamda Ekoharakat deputatlik guruhi vakillari videoselektor yig‘ilishida ko‘tarilgan masalalardan kelib chiquvchi muhim vazifalarni belgilab olish, bu borada “Yo‘l xaritalari”ni ishlab chiqib, ularning ijrosini qat'iy ta'minlash  zarur degan qat'iy fikrni bildirdilar.

Parlament quyi palatasida qonun hujjatlarini qabul qilish jarayonida kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish masalasiga yanada jiddiy yondashish, deputatlarning joylardagi xalq bilan muloqotlari doirasida tadbirkorlar muammolarini chuqur o‘rganish, ularni qiynayotgan masalalarni hal etishga e'tiborni kuchaytirish zarurligi ta'kidlandi.