«Inson uchun eng katta boylik bu — albatta, salomatlik. Dunyo boyliklariga-da alishmaydigan sog‘lig‘imizni shifokorlarga ishonamiz. Ulardan shifo topishimizga umid qilamiz. Farishta misol oppoq xalatlarda sizga muolaja qilayotgan shifokor-u hamshiralarga havas ham qilamiz. Ulardan najot kutamiz. Ammo men ortiq ularga ishonmayman. Aynan «oppoq xalatli» shifokorlarning aybi bilan nogiron bo‘ldim. Uch yildan beri tuzalish o‘rniga turli kasalliklar orttirdim. Noto‘g‘ri tashxis va davolanish oqibatida ikkinchi oyog‘imda ham og‘riqlar boshlandi. Menga noto‘g‘ri tashxis qo‘yib, qayta va qayta operatsiya qilgan mas'uliyatsiz shifokorlarga chora ko‘riladimi? Men qayta oyoqqa turamanmi? Murojaat qilmagan joyim qolmadi. Yozgan arizalarim hech natija bermasa, ularni Jizzax viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi xodimlari yolg‘on vajlar bilan qaytarib yuborsa... Men kimga murojaat qilishim kerak? Sog‘lig‘imni kim tiklab beradi? Oxirgi umidim sizdan, hurmatli Kun.uz tahririyati ijodkorlari menga shu masalada yordam berishingizni so‘rayman».

Tahririyatga najot istab murojaat qilgan Marina Shunk bilan uning uyida uchrashdik. Marina Shunk ota-onasi bilan Jizzax shahridagi «Bobur» MFYda istiqomat qiladi.

Suhbat avvalida Marinaning onasi barcha kasallik varaqalari-yu, tashxis qog‘ozlari turli tibbiy apparatlardan olingan yo‘llanma va qog‘ozlarni ko‘rsatar ekan, shuncha harakat zoye ketganini, oxirgi operatsiyadan keyin qizining ahvoli butunlay yomonlashgani va buning birgina sababi shifokorlarning o‘z ishiga sovuqqonlik bilan yondashganini aytib o‘tdi.

«Uch yil oldin chap oyog‘imda og‘riq boshlandi, avvaliga e'tibor bermadim ammo bir haftaga bormay og‘riq zo‘rayib, yurishga ham qiynala boshladim. Tabiiyki, hududdagi poliklinikaga chiqdim. Barchasi o‘shandan boshlandi.

Menga onkologik kasalligi bor, deya taxminiy tashxis qo‘yishib, tekshiruvga jo‘natishdi. Ammo tahlillar menda onkologik kasallik yo‘qligini ko‘rsatdi. So‘ng fizioterapiya buyurishdi. Bu esa ahvolimni battar og‘irlashtirdi. Bir necha murojaatimdan so‘ng meni qaytadan ko‘rikdan o‘tkazgan shifokorlar «gemangioma» (mushaklar uzilishi) tashxisini qo‘yishdi.

2018 yilning 2 mart kuni Jizzax viloyati ko‘p tarmoqli tibbiyot markazining travmatologiya bo‘limida «chap oyoq boldir sohasi mushak fassiyasi» tashxisi bilan oyog‘imni operatsiya qilishdi. O‘shanda juda quvongandim. Afsuski, operatsiyadan so‘ng ko‘p o‘tmay oyog‘imda shish paydo bo‘la boshladi. Oyog‘im tuzalish o‘rniga yiringlab juda yomon ahvolga keldi. Kasalxona va shifokorlarga qatnayverib bezor bo‘ldim. O‘tirolmaydigan bo‘lib qoldim. Murojaatlarim tufayli yana ayni o‘sha shifokorlar ishtirokida endi «lyumboishialgiya» tashxisi ostida davolashni boshlashdi.