Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Surxondaryo viloyati hokimligi majburiy mehnat holatiga yo‘l qo‘yilganini rad etib chiqdi
2019 yilning 4 avgust kuni ijtimoiy tarmoqlarda Surxondaryo viloyatidagi tashkilot rahbarlari va xodimlari 3 avgust, shanba kuni, soat 6:00 da M39 avtomobil yo‘li bo‘ylab begona o‘tlardan tozalash, gul ekish va sug‘orish ishlari uchun majburiy safarbar etilgani haqida xabar tarqaldi.

Ushbu holat yuzasidan Surxondaryo viloyati hokimligi bayonot bilan chiqdi:
Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 10 maydagi “O‘zbekiston Respublikasida majburiy mehnatga barham berishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” qarori talablaridan kelib chiqqan holda, Surxondaryo viloyatida ham fuqarolarni majburiy jamoat ishlariga noqonuniy jalb qilish yoki har qanday shakldagi majburiy mehnatdan foydalanishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Viloyatning ayrim korxona va tashkilotlari tomonidan o‘z ishchi-xodimlarining oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan talabini qondirish uchun bo‘sh turgan yer maydonlarida ekin ekib olish to‘g‘risida bildirilgan tashabbus qo‘llab-quvvatlanib, M-39 avtomobil yo‘lining Termiz shahridan o‘tuvchi qismi yoqalaridan ularga yer maydonlari ajratib berilgandi. Shunga muvofiq, korxona va tashkilotlar xodimlari ixtiyoriylik asosida ushbu hududda ro‘zg‘orbop ekinlar ekib, yerdan unumli foydalanib kelishmoqda.
Termizning ayni issiq ob-havo sharoiti ekinlarni tez-tez sug‘orishni, ekin maydonlarini begona o‘tlardan tozalab, tartibga keltirib turishni taqozo qiladi. Shu nuqtai nazardan, aloqador tashkilotlar rahbarlariga o‘z hududida bu ishlarni Qurbon hayiti arafasida kechiktirmasdan tashkil etish taklifi berilgan. Ular majburiy tarzda mehnatga jalb etilmagan, deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, M-39 avtomobil yo‘lining ushbu qismi yoqasida Al Hakim at-Termiziy maqbarasi ham joylashgan bo‘lib, viloyat va mamlakatning boshqa hududlari hamda xorijiy davlatlardan bu yerga har kuni yuzlab ziyoratchi va sayyohlar tashrif buyuradi. Shu sababli, tabarruk qadamjo atrofi va unga olib boruvchi yo‘llarni obod, ozoda va ko‘rkam saqlashdek xayrli ishga ixtiyoriylik asosida hissa qo‘shish fuqarolarning niyatlari, sa'y-harakatlari bilan uyg‘unlashib ketgan.
Surxondaryo viloyati hokimligi bundan keyin ham fuqarolarning kafolatlangan mehnat huquqlarini ta'minlagan holda vohada har qanday shakldagi majburiy mehnatdan foydalanishga yo‘l qo‘ymaydi, deya yakunlangan bayonot.
Bundan oldin, internetda viloyat hokimi To‘ra Bobolov tashkilot rahbarlari va xodimlarini 3 avgust kuni soat 6:00da M39 avtomobil yo‘li bo‘ylab begona o‘tlardan tozalash, gul ekish va sug‘orish ishlariga chiqarish bo‘yicha 2 avgustda topshiriq xati berganini ko‘rsatuvchi fotosuratlar tarqalgandi.
Mavzuga oid
18:28 / 20.06.2026
Surxondaryoda Aleksandr Fedin yaratgan o‘rmonzor "Dendrologiya bog‘i"ga aylantiriladi
09:05 / 17.06.2026
Afg‘onistondan olib kirilgan 37,6 kg giyohvandlik vositalari fosh etildi
18:00 / 12.06.2026
Surxondaryoda uch yigit suvga cho‘kib o‘ldi
17:51 / 12.06.2026