2019 yil yanvar oyida Vazirlar Mahkamasining «Fermer xo‘jaliklari va boshqa qishloq xo‘jaligi korxonalari yer maydonlarini maqbullashtirish hamda qishloq xo‘jaligi ekin yerlaridan samarali foydalanishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 14-sonli qarori qabul qilindi.

Natijada, ko‘plab fermer xo‘jaliklarining yerlari davlat zaxirasiga qaytarildi va tasdiqlangan nizom asosida tanlov o‘tkazilib, g‘oliblarga ajratildi.

Xususan, Xonqa tumani Qoraqosh qishlog‘i hududidagi 108,4 gektar yer maydoni bo‘yicha ham shunday tanlov o‘tkazildi. Unda Qoraqosh qishlog‘ida faoliyat yurituvchi «Ibragim Xanifa» fermer xo‘jaligi rahbari Ro‘ziboy Xalmuratov va Qirqyop qishlog‘ida yashovchi «Muzaffar Nilufar» fermer xo‘jaligi rahbari Muzaffar Babajanovlar qatnashdi.

2019 yil 28 yanvar kuni va 4 fevral kuni o‘tkazilgan 2ta tanlov natijasiga ko‘ra «Ibragim Xanifa» fermer xo‘jaligi rahbari Ro‘ziboy Xalmuratov 77,5 ball, «Muzaffar Nilufar» fermer xo‘jaligi rahbari Muzaffar Babajanov esa 79,4 ball to‘pladi. Natijada «Muzaffar Nilufar» fermer xo‘jaligi tanlovning g‘olibi deb topilib, Xonqa tumani hokimining 2019 yil 2 martdagi 1208q-soni qarori bilan unga 108,4 gektar yer maydoni 49 yilga ijaraga berildi.

«Ibragim Xanifa» fermer xo‘jaligi rahbari Ro‘ziboy Xalmuratovning fikriga ko‘ra, tanlov adolatli bo‘lmagan va Muzaffar Babajanovga asossiz ravishda ballar qo‘shib berilgan.

Bu ish ikki marta – Xonqa tumani ma'muriy sudi va Xorazm viloyati ma'muriy sudining apellyatsiya instansiyasida ko‘rib chiqildi. Sud mahkamasida tanlov qoidalari haqiqatdan ham buzilgani va Muzaffar Babajanovga asossiz ravishda 11 ball qo‘shib berilgani o‘z tasdig‘ini topdi.

Xususan, tanlov komissiyasi tomonidan quyidagi xatolarga yo‘l qo‘yilgani aniqlandi:

- Talabgor M.Babajanov taqdim qilgan biznes rejasi imzolanmangan va tasdiqlanmagan bo‘lsa-da, unga 7 ball qo‘yilgan. Aslida imzolanmagan va tasdiqlanmagan biznes reja huquqiy hujjat hisoblanmaydi va unga ball berish noto‘g‘ri;

- M.Babajanovning «Kasb ta'limi – oziq-ovqat texnologiyasi» mutaxassisligi Nizom bo‘yicha «boshqa mutaxassislik» deb baholanishi va 5 ball berilishi o‘rniga «injyener» deb baholanib, 8 ball qo‘yilgan;

- M.Babajanovning qishloq xo‘jaligi sohasidagi ish staji 9 ball bilan baholanishi o‘rniga 10 ball qo‘yilgan.

Bundan tashqari, «Fermer xo‘jaligi to‘g‘risida»gi Qonunning 11-moddasida fermer xo‘jaligi yuritish uchun yer uchastkasini olishda fermer xo‘jaligi tashkil etilayotgan joyda yashovchi shaxslar boshqa teng shartlarda ustun huquqdan foydalanishi ko‘zda tutilgan bo‘lishiga qaramay, tanlov komissiyasi va tuman hokimi tomonidan ushbu holat hisobga olinmagan. Vaholanki Ro‘ziboy Xalmuratov aynan Qoraqosh qishlog‘ida, Muzaffar Babajanov esa Qirqyop qishlog‘ida yashaydi.