Jahon | 01:00 / 10.08.2019
46721
2 daqiqa o‘qiladi

Qirg‘izistonda Atamboyevning mol-mulki va telekanali hibs qilindi

Foto: TASS

Qirg‘izistonda sud qaroriga ko‘ra sobiq prezident Almazbek Atamboyevning mol-mulki, jumladan “Aprel” telekanali va “Media-Forum” kompaniyasi hibs qilindi.   

Bishkekdagi “Media-Forum” binosida Atamboyev tomonidan asos solingan Sotsial-demokratik partiya bosh qarorgohi va “Aprel” telekanali studiyasi joylashgan. Kanal sobiq prezidentning Qo‘y-Tosh qishlog‘idagi uyining shturm qilinishini yoritgandi. Telekanal efiri uzilgach, jurnalistlar voqealarni internetda yoritishni davom ettirishgan.

Shuningdek, tergov sobiq prezident tarafdorlarini so‘roq qilmoqchi. 9 avgustda Sotsial-demokratik partiyaning parlamentdagi fraksiyasi deputatlari Asel Koduranova va Irina Karamushkina hamda sobiq deputat Ravshan Jeenbekov so‘roqqa chaqirtirish haqida chaqiruv qog‘ozlari olishgan. 

Partiya siyosiy kengashi a'zosi Farid Niyazov Atamboyev uyida odamlarni garovga olish ishi bo‘yicha ushlangan. Sobiq prezidentning tarafdorlari shturm vaqtida bir necha maxsus jangchini garovga olishgandi. Faridovdan tashqari, qonunsizlikka qarshi milliy shtab boshlig‘i Qiyas Smaliyev ham ushlangan. Sotsial-demokratik partiya a'zosi Qunduz Joldubayeva bir kun ichida 2 marta so‘roq qilingan, u ushbu ish bo‘yicha guvoh sifatida o‘tmoqda. Yuqorida ismi tilga olinganlarning barchasi iyul oxirida Atamboyevni qo‘llab-quvvatlash uchun tashkil etilgan xalq shtabi tarkibiga kirishgan.    

Ichki ishlar vazirligiga so‘roqqa Atamboyevning o‘g‘li Seyitbek Atamboyev ham chaqirtirilgan.

Mavzuga oid