Vazirlar Mahkamasining “O‘rmon fondi yerlarini egalik qilish, foydalanish va davlat-xususiy sheriklik asosida ijaraga berish tartibi to‘g‘risida nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori loyihasi muhokama uchun e'lon qilindi.
Hujjat bilan o‘rmon fondi yerlarini egalik qilish, foydalanish va davlat-xususiy sheriklik asosida ijaraga berish tartibi to‘g‘risida nizom tasdiqlanishi mumkin.
Nizomga ko‘ra, o‘rmon fondi yerlari tarkibidagi quyidagi yerlar davlat-xususiy sheriklik asosida ijaraga berilishi mumkin:
o‘rmon fondining o‘zlashtirilmagan yerlarida yangidan barpo etilgan va kamida bir yilgacha bo‘lgan muddatda parvarishlangan o‘rmonlar joylashgan yerlar;
o‘rmon fondining o‘rmon bilan qoplanmagan va kelgusida o‘rmon barpo etish mumkin bo‘lgan yerlari;
davlat o‘rmon fondi yerlarida o‘rmondan o‘rmon-ovchilik, ovchilik va (yoki) baliqchilik xo‘jaliklari ehtiyojlari uchun, ilmiy-tadqiqot, madaniy-ma'rifiy, tarbiyaviy, sog‘lomlashtirish, rekreatsiya hamda estetik maqsadlarda, shuningdek ekologik turizmni rivojlantirish maqsadida foydalanish mumkin bo‘lgan yerlar;
davlat o‘rmon fondi yerlarida ko‘chatchilikni rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi ekinlari ekish hamda dorivor o‘simliklarni yetishtirish maqsadlarida foydalanish mumkin bo‘lgan yerlar.
O‘rmon fondi uchastkalarida pichan o‘rish, chorva mollarini o‘tlatish va asalari uyalari va qutilarini joylashtirish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan qoidalariga muvofiq amalga oshiriladi.
O‘rmon fondi yerlari yuridik yoki jismoniy shaxslarga o‘rmon xo‘jaligi organlari tomonidan ijara shartnomasiga ko‘ra 50 yilgacha bo‘lgan muddatga davlat-xususiy sheriklik asosida ijaraga beriladi.
Ijaraga beruvchi balansda saqlovchining o‘rmon fondi uchastkasini davlat-xususiy sheriklik asosida ijaraga berish bo‘yicha tanlov o‘tkazib berish to‘g‘risidagi yozma iltimosnomasiga ko‘ra ochiq elektron tanlov e'lon qiladi.
Bir oy davomida elektron tanlovda talabgor bo‘lmagan hollarda, ijaraga beruvchi tomonidan o‘rmon fondi uchastkasini birinchi tashabbuskorga to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma orqali davlat-xususiy sheriklik asosida ijaraga berishga haqli.
O‘zbekiston Respublikasi rezidenti bo‘lmagan yuridik yoki jismoniy shaxslarga o‘rmon fondi uchastkasi Qo‘mita bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri tuzilgan ijara shartnomasi asosida investitsiya kiritish shartlari bilan beriladi.















