14 avgust kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori Komil Allamjonov veb-resurs egasi internet tarmog‘iga axborotni joylashtirishdan avval uning to‘g‘riligini tekshirishi, uning ostiga bildirilgan izohlarga javobgar ekanligi to‘g‘risida bildirgan bayonoti sabab blogerlar bilan uchrashuv o‘tkazdi. Huquqshunos va bloger Xushnudbek Xudayberdiyev telegramdagi sahifasida mazkur uchrashuvdan xulosalarini keltirgan.

«Kecha Komil Allamjonovning taklifiga binoan, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida bir guruh (60dan oshiq edi, adashmasam) jurnalist va blogerlar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Asosiy masala, agentlikning kechagi bayonoti muhokamasi bo‘ldi (ba'zi mavzuga mutlaqo aloqasiz savollar va fikrlarni inobatga olmaganda).

Uchrashuvda men ham o‘z fikrimni bildirdim. Fikrimning asosiy xulosalari quyidagicha:

Birinchidan, tuhmat, haqorat va qonunga xilof boshqa mazmundagi materiallarni e'lon qilish mumkin emas, bunga hamma jurnalistlar ham, blogerlar ham birdek qo‘shiladi, hech kim e'tiroz bildirmasa kerak;

Ikkinchidan, OAV hamda blogerlar sahifalarida o‘zgalar tomonidan qoldirilayotgan izohlar uchun javobgar bo‘lmaydi. Bu qonunchilikda ko‘rsatilmagan. Hamma o‘zining aytgan gapi uchun javob beradi;

Uchinchidan, agar agentlik, huquqni muhofaza qiluvchi organlar yoki oddiy fuqarolar tomonidan terrorizm, diniy ekstremizm, milliy, etnik separatizm, haqorat yoki tuhmat va h.k. izohlar qoldirilgani haqida OAV hamda blogerlar rasman ogohlantirilsa, bunday taqdirda ushbu izohlar o‘chirilishi kerak;

To‘rtinchidan, rasmiy ogohlantirish berilgandan keyin ham OAV yoki blogerlar o‘sha izohlarni ko‘ra bila turib o‘chirmagan bo‘lsa, ana shundagina tegishli chora ko‘rilishi mumkin;

Beshinchidan, izohlarning qoldirilgan muddati muhim emas, ogohlantirishning berilgan muddati muhim. Masalan, ogohlantirish bugun kelganu, aslida o‘sha terrorizmga oid izoh 1 yil oldin qoldirilgan bo‘lsa, unda OAV yoki blogerlarga «nima uchun 1 yildan buyon o‘chirmading» deya zug‘um qilish mumkin emas. Ogohlantirish bugun kelganmi, demak ana shu sanadan boshlab hisoblanadi;