O‘zbekiston | 18:54 / 16.08.2019
40903
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda televizion signalni DVB-T standartida efirga uzatish to‘xtatildi

Foto: Shutterstock

15 avgustdan boshlab O‘zbekistonda raqamli televideniye dasturlarini DVB-T standartida efirga uzatish to‘xtatildi. Avvalroq bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi ogohlantirgan edi.

O‘zbekistonda raqamli televideniyega o‘tishning ilk davri - 2008 yildan boshlab DVB-T standarti qo‘llanilgan edi. Yillar davomida televideniye rivojlanib, raqamli televideniyening DVB-T standarti takomillashtirilib, DVB-T2 standarti yaratilishi bilan mamlakatimizda ham ushbu standartdagi teleuzatgichlar o‘rnatila boshladi.

2017 yildan bugungi kunga qadar respublikamizda O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi (MTRK) teledasturlari («O‘zbekiston», «Yoshlar», «Toshkent», «Sport», «Navo», «Dunyo bo‘ylab», «Madaniyat va ma'rifat», «Bolajon», «Kinoteatr», «Oilaviy», «Mahalla», «O‘zbekiston 24») 2 ta standartda, ya'ni ham DVB-T va ham DVB-T2 standartlarida parallel ravishda uzatib kelinayotgan edi. Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi ma'lumotiga ko‘ra, ortiqcha resurs va sarf-xarajatlarning oldini olish maqsadida, bundan buyon teledasturlarning barchasi DVB-T2 standartida uzatiladi. 

2019 yil 15 avgustidan boshlab MTRK teledasturlarini raqamli televideniyening faqat DVB-T2 standartida ko‘rish mumkin bo‘ladi.

Qayd qilish joizki, DVB-T standartidagi raqamli signallarni qabul qilishga moslashtirilgan televizor va tyuner qurilmalari DVB-T2 signalini qabul qila olmaydi. Shu sababli, DVB-T standartida uzatilayotgan raqamli teledasturlarni ko‘rib kelayotgan o‘zbekistonliklar endi DVB-T2 standartini qo‘llovchi qurilmalarni (tyuner yoki zamonaviy rusumdagi televizor) o‘rnatishlari lozim bo‘ladi. 

Eski avlod televizorlari yoki DVB-T standartidagi signallarni qabul qilishga moslashtirilgan televizordan foydalanuvchilar DVB-T2 standartidagi raqamli tyuner qurilmasini ulagan holda teledasturlarni ko‘rishlari mumkin.

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi yangi televizor xarid qilayotganda, unda DVB-T2 standartida ishlaydigan tyuner borligiga e'tibor qaratishni tavsiya qilmoqda. Bugungi kunda mamlakatimiz va xorijda ishlab chiqarilayotgan aksariyat zamonaviy televizorlarda DVB-T2 standartida ishlaydigan tyunerlar mavjud.

Mavzuga oid