Bu haftadan Ispaniya va Germaniyada ham chempionat o‘yinlari boshlanadi va shu bilan kuchli beshlikdan to‘rt ligani kuzatish imkoniyatiga ega bo‘lamiz. Italiya A seriyasi starti esa keyingi haftaga belgilangan. E'tiboringizga kelayotgan dam olish kunlari Yevropa yashil maydonlarida bo‘lib o‘tadigan qiziqarli o‘yinlar anonsini havola qilamiz.

 «ATLeTIK» – «BARSeLONA» (16 avgust, 23:59)

Bugundan nihoyat Ispaniya chempionatiga ham start beriladi va tur mamlakat chempioni «Barselona»ning o‘yini bilan, boshqacha qilib aytganda, «Klassiko»dan boshlanadi. Ispaniyada faqat uch jamoa – «Real», «Barselona» va «Atletik» umuman quyi ligaga tushib ketishmagan, shuning uchun bilbaoliklarning ham grandlar bilan uchrashuvi «Klassiko» deb ataladi.

Roppa-rosa to‘rt yil avval ham, 15 avgustda, jamoalar yilning ilk rasmiy o‘yinini o‘zaro uchrashuvda o‘tkazishgandi. Ispaniya Superkubogi uchun bahsda ko‘pchilik uchun kutilmaganda «Atletik» 4:0 hisobida ustun kelgandi. Shundan buyon agar ikki o‘yindan iborat kubok uchrashuvining bittasini qo‘shmaganda, «Atletik» «Barselona» ustidan g‘alaba qozona olmay kelyapti. Umuman olganda, agar La Liga o‘yinlariga e'tibor bersak, basklar oxirgi marta 2013 yilda «Barselona» ustidan g‘alaba qozongandi.

Bu bilan mehmonlarning imkoniyatlarini o‘ta yuqori deb bo‘lmaydi, «Atletik» munosib qarshilik ko‘rsatishi shubhasiz, zero o‘tgan mavsumdagi har ikki o‘yinda ham tomonlar durangga rozi bo‘lishgandi. Buning ustiga «Barselona» tarkibida Messi o‘ynamaydi. Yaqinda kichik jarohat olgan futbolchining mashg‘ulotlarga qaytgani videosi tarmoqlarga chiqib ketgan bo‘lsa-da, u birinchi tur o‘yiniga tayyor bo‘lib ulgurmadi. Umuman, Messi kataloniyaliklarning mavsumoldi o‘rtoqlik o‘yinlarida maydonga tushmadi.

Lekin Antuan Grizmann o‘yinga tayyor va bugun «Barselona» tarkibida ilk rasmiy o‘yinini o‘tkazadi. Ispaniyadagi faoliyatini Baskoniyaning boshqa jamoasi «Real Sosedad» safida boshlagan fransiyalik hujumchi uchun debyutning aynan «eng dushman» raqibga qarshi o‘tkazilishida ham qandaydir ramziy ma'no bordek.

 «SeLTA» – «ReAL» (17 avgust, 20:00)